Nyu-York meri Mamdani Isroil tarafdori qarorlarni ilk kunidayoq bekor qildi
Nyu-York shahar meri selefining Isroilga oid qarorlarini bekor qilganidan so‘ng, sionistik doiralar va Isroil hukumati tomonidan bildirilgan tanqidlarga qaramay, ortga chekinmadi.
Nyu-York shahar meri Zohran Mamdani lavozimga kirishgan ilk kunidayoq, sobiq mer Erik Adams tomonidan imzolangan va Isroilni qo‘llab-quvvatlash sifatida talqin qilingan bahsli qarorlarni ham o‘z ichiga olgan bir qator ijroiy farmoyishlarni bekor qiluvchi qarorni imzoladi.
Mamdani e’lon qilgan ijroiy farmonga ko‘ra, 2024-yil 26-sentabrdan keyin imzolangan va 2025-yil 31-dekabr holatiga ko‘ra amalda bo‘lgan barcha direktivalar bekor qilindi. Avval qabul qilingan qarorlar esa, ochiqchasiga o‘zgartirilmaguncha yoki bekor qilinmaguncha kuchda qolishi qayd etildi.
Payshanba kuni shahar hokimiyatidagi qasamyod marosimidan atigi bir necha soat o‘tib qarorlarni kuchga kiritgan Mamdani, juma kuni bergan bayonotida Adams davriga oid qarorlarni bekor qilish qarori ortida qat’iy turishini bildirdi.
Bu qadam o‘tgan oy qabul qilingan va shahar muassasalariga Isroilni boykot qilish yoki investitsiyalarni qaytarib olishni taqiqlagan qaror hamda yana bir qator tartib-qoidalarni amalda bekor qildi.
Shuningdek, iyun oyida imzolangan va Isroilga qaratilgan ayrim tanqidlarni antisemitizm doirasiga kiritgan keng qamrovli antisemitizm ta’rifini qabul qilgan yana bir direktiva ham bekor qilingan hujjatlar qatoridan joy oldi.
Isroil Tashqi ishlar vazirligi ijtimoiy tarmoqlardagi bayonotida Mamdanini antisemitizmni qo‘zg‘atayotganlikda aybladi. UJA New York Federatsiyasi kabi ayrim tashkilotlar ham qarorga norozilik bildirib, bu holat “antisemitizmga qarshi muhim himoya mexanizmlarini ortga surdi”, degan fikrni ilgari surdi.
Isroil Tashqi ishlar vazirligi, Mamdani ish boshlagan ilk kunidayoq Xalqaro Holokostni xotirlash alyansining antisemitizm ta’rifini bekor qilgani va Isroilni boykot qilishga doir cheklovlarni yumshatgani haqida da’vo qildi.
Toza sahifa
Mamdani avvalgi boshqaruv tomonidan tashkil etilgan va antisemitizmga qarshi kurashni maqsad qilgan shahar idorasini bekor qilmadi. Mazkur tuzilmaning faoliyati davom etishi bildirildi. Farmonda, hozirda amalda bo‘lgan favqulodda holat qarorlari ushbu o‘zgarishlardan ta’sirlanmasligi ham qayd etildi.
Matbuot anjumanida so‘zga chiqqan Mamdani, “Yahudiy Nyu-Yorkliklarning himoyasi mening boshqaruvimning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi”, dedi. U ijroiy farmoyishlarga oid qarori boshqaruvi uchun “Nyu-Yorkliklar uchun yangi davrni boshlash maqsadida toza sahifa ochganini” ta’kidladi.
Mamdani nafrat va bo‘linishga qarshi qat’iy kurash olib borilishini aytib, antisemitizmga qarshi choralar nafrat jinoyatlarining oldini olish, qo‘shnichilik aloqalarini mustahkamlash va inklyuziv siyosat yuritish orqali amalga oshirilishini bildirdi.
The New York Times nashriga ko‘ra, Nyu-York Fuqarolik Erkinliklari Ittifoqi direktori Donna Liberman bekor qilingan qarorlar avvalgi mer tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan qarashlarni cheklashga qaratilgan so‘nggi daqiqadagi qadamlar bo‘lib ko‘ringanini va yangi boshqaruvning ularni bekor qilgani “kutilmagan holat emasligini” aytdi.
Libermanning ta’kidlashicha, so‘z erkinligi qarashlarga bog‘liq emas va bu Isroil yoki G‘azo haqidagi fikrlar uchun ham, boshqa barcha siyosiy masalalar uchun ham birdek amal qiladi.