Turkiya AQSh bilan Eron o‘rtasida butunlay tinchlik o‘rnatish payida
Hakan Fidan, AQSh bilan Eron o‘rtasida erishilgan sulh hamda doimiy tinchlikka qaratilgan qadamlarni muhokama qilish maqsadida eronlik va qatarlik hamkasblari bilan telefon orqali alohida - alohida muloqot qildi.
Diplomatik manbalarga ko‘ra Turkiya Respublikasi Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan, AQSh bilan Eron o‘rtasida erishilgan ikki haftalik sulh hamda doimiy tinchlikka qaratilgan qadamlarni muhokama qilish maqsadida eronlik va qatarlik hamkasblari bilan telefon orqali alohida - alohida muloqot qildi.
Turkiya Tashqi Ishlar vazirligi manbalarining chorshanba kuni bergan ma’lumotiga ko‘ra Hakan Fidan Eron Tashqi Ishlar vaziri Abbos Aroqchi bilan suhbatlashib, Anqaraning vaqtinchalik sulhdan mamnun ekanini bildirgan va Turkiyaning barqaror tinchlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y - harakatlarga sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan.
Manbalar qo‘shimcha qilishicha Hakan Fidan ushbu sulhning barqaror va uzoq muddatli yechimga aylanishini ta’minlash uchun Turkiya o‘z faoliyatini davom ettirishini ta’kidlagan.
Tashqi Ishlar vaziri Fidan yana bir telefon muloqotini Qatar Bosh vaziri va Tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdurrahmon al - Soniy bilan o‘tkazdi. Ikki rasmiy vaqtinchalik sulhni mintaqaviy darajada doimiy tinchlikka aylantirish uchun zarur bo‘lgan qadamlarni muhokama qildi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp esa Tehronga muzokaralar uchun amalga oshirilishi kerak bo‘lgan va 10 moddadan iborat bo‘lgan taklif taqdim etilganini bildirib, seshanba kuni Eron bilan ikki haftalik sulh e’lon qilgan edi.
Eron Oliy Milliy xavfsizlik kengashi ma’lum qilishicha Pokiston o‘rtamchiligida AQShga yetkazib berilgan ushbu 10 moddalik taklif AQShning hujum qilmaslik majburiyati, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan Eron nazoratining davom etishi, uranni boyitishning tan olinishi hamda barcha asosiy va ikkilamchi sanksiyalarning bekor qilinishi kabi asosiy unsurlarni o‘z ichiga oladi.
Taklif shuningdek Eronga kompensatsiya to‘lanishi, AQSh jangovar kuchlarining mintaqadan chiqarilishi hamda Livandagi urushni ham o‘z ichiga olgan holda barcha jabhalardagi to‘qnashuvlarning to‘xtatilishini nazarda tutadi.