Ummon Eron–AQSh bilvosita muzokaralarining ikkinchi raundiga mezbonlik qildi
Muzokaralar AQShning Ko‘rfaz mintaqasida harbiy kuchlarini to‘plashi va ehtimoliy harbiy aralashuv tahdidlari ortidan Vashington hamda Tehron o‘rtasidagi keskinlik kuchaygan bir sharoitda bo‘lib o‘tmoqda.
Eron ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Ummon Tashqi ishlar vaziri Tehron va Vashington o‘rtasidagi ziddiyatni yumshatishga qaratilgan diplomatik sa’y-harakatlarning bir qismi sifatida Eron va AQSh rasmiylari bilan alohida-alohida uchrashuvlar o‘tkazdi.
Eron davlat xabar agentligi IRNA juma kuni bergan ma’lumotga ko‘ra, Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi muzokaralarning ikkinchi raundida o‘z mamlakatining qarashlari va shartlarini ummonlik hamkasbi Badr al-Busaidiyga taqdim etgan.
Agentlikning qayd etishicha, Araqchi birinchi raundda Eron rejasini Ummon tomoniga topshirgan, vositachilar esa ushbu rejani AQShning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Vitkoff bilan baham ko‘rgan. Bayonotda aytilishicha, "ikkinchi raund uchrashuvlarida Amerika delegatsiyasining javobi Eron tomoniga yetkaziladi". AQSh delegatsiyasi ham birinchi raund davomida ummonlik vositachilar orqali o‘z munosabatini bildirgan edi.
Hozirda har ikki tomon o‘z poytaxtlari bilan maslahatlashishlari uchun muzokaralarda qisqa tanaffus e’lon qilingan.
Juma kungi uchrashuvlarda Eron delegatsiyasiga Abbos Araqchi boshchilik qildi. Unga Siyosiy ishlar bo‘yicha vitse-prezident Majid Taxt-Ravanchi, Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqaiy, Iqtisodiy ishlar bo‘yicha mas’ul Hamid Ganbariy va boshqa diplomatlar hamrohlik qilmoqda.
AQSh rasmiylariga ko‘ra, Vashington nomidan muzokaralarda Stiv Vitkoff hamda AQSh Prezidenti Donald Trampning kuyovi va yordamchisi Jared Kushner ishtirok etmoqda.
So‘nggi kunlarda Tehron va Vashington o‘rtasidagi keskinlikni kamaytirish maqsadida Turkiya kabi bir qator davlatlar ham o‘z vositachilik xizmatlarini taklif qilgan edi.