Ozarbayjon bilan Britaniyaning mudofaa sohalarida yangi sahifa ochilgani qayd etildi
Ilhom Aliyev poytaxt Bokuda Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligining davlat vaziri Lord Vernon Coakerni qabul qildi.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Bokuda Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligining davlat vaziri Lord Vernon Coakerni qabul qildi; Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra ushbu qabulda, ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Prezidentlik apparati Matbuot xizmati mavzu haqida payshanba kuni (04.12.2025) bergan bayonotiga ko‘ra, Coaker ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar do‘stlik va ishonchga asoslanganini ta’kidlagan holda strategik hamkorlik sohasida ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga qiziqishini bildirgan.
Aliyev Ozarbayjon bilan Buyuk Britaniya o‘rtasidagi uzoq yillik hamkorlikni nazarda tutgan holda hamkorlik dastlab energetika sohasida boshlangani, keyinchalik esa ko‘plab yo‘nalishlarga yoyilganini qayd etdi. U savdo, investitsiya va boshqa sohalarda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun yaxshi imkoniyatlar borligiga esa alohida e’tibor qaratdi.
Mudofaa sanoati borasidagi hamkorlikni ham tilga olgan Aliyev, Boku bilan London o‘rtasida yangi sahifa ochilishini o‘zaro ishonchning belgisi sifatida baholadi.
Coaker, joriy yilning avgust oyida Vashingtonda Ozarbayjon bilan Armaniston o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish va tinchlik kun tartibini ilgari surish bo‘yicha erishilgan ijobiy natijalar bilan Aliyevni tabrikladi.
Aliyev esa ushbu jarayonni “tarixiy” deb baholagan holda, erishilgan yutuqda Qo‘shma Shtatlar Prezidenti Donald Trampning o‘ziga xos o‘rni borligini ta’kidladi. U shuningdek, tinchlik kun tartibini aynan Ozarbayjon boshlab bergani va uni davom ettirishda qarorli ekanliklarini yana bir bor takrorladi.