Qozog‘iston xalqi yangi konstitutsiyani qo‘llab-quvvatladi
Saylov komissiyasi referendumda qatnashish ko‘rsatkichi 73,12 foizni tashkil etganini bildirdi.
Markaziy saylov komissiyasi dushanba kuni bergan bayonotida, Qozog‘istonda yangi konstitutsiya 87,15 foiz ovoz bilan qabul qilinganini ma’lum qildi. Komissiyaga ko‘ra, umumxalq ovoz berish jarayonida aholining 73,12 foizi ishtirok etgan.
Mamlakat parlamentini soddalashtiradigan yangi konstitutsiya, 1996-yilda bekor qilingan prezident yordamchisi (vitse-prezident) lavozimini qaytadan joriy etmoqda. Bu o‘zgarish prezidentga o‘z yordamchisini va boshqa ko‘plab muhim rasmiylarni tayinlash huquqini beradi.
Konstitutsiyaning qisqa fursatda tayyorlanishi Qozog‘istondagi ba’zi ekspertlar orasida turli fikrlarni keltirib chiqardi. Ba’zi mutaxassislar Prezident Qosim-Jomart Toqayev o‘ziga voris tayinlab, lavozimidan barvaqt ketishini yoki yangi konstitutsiya orqali prezidentlik muddatini nollashtirib, hokimiyatda uzoqroq qolishni ko‘zlayotganini taxmin qilmoqdalar.
Toqayev poytaxt Astana shahrida ovoz berganidan so‘ng, konstitutsiya hokimiyat almashinuvini osonlashtirishi haqida gapirdi. U navbatdagi prezidentlik saylovi o‘zining amaldagi vakolat muddati tugaydigan 2029-yilda o‘tkazilishini ta’kidladi.