"2025-yilgi Turk tiliga xizmat mukofotlari" o’z egalariga topshirildi.
Turk tili assotsiatsiyasi (TDK) turk tilining rivojlanishiga, uning to'g'ri va samarali qo'llanilishiga va ilmiy-madaniy sohalardagi obro'sini mustahkamlashga hissa qo'shgan shaxslar va muassasalarni taqdirladi.
"Turk tiliga xizmat mukofotlari" marosimi Otaturk madaniyat, til va tarix oliy muassasasining Otaturk konferensiya zalida bo'lib o'tdi.
Marosimda Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy, Turk tili assotsiatsiyasi (TDK) rahbari professor Osman Mert, YuNESKO Turkiya milliy komissiyasi prezidenti professor O’jal Og'uz, Otaturk madaniyat, til va tarix oliy muassasasi rahbari professor Derya O’rs, shuningdek, akademiklar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Marosim turk tiliga xizmat qilgan shaxslarni birlashtirish va shu bilan jamoatchilikka ushbu muhim hissalarni namoyish etishga qaratilgan.
Mukofotlash marosimida ko'p yillar davomida til ongini shakllantirish, turk tilining boyligini saqlab qolish va uni kelajak avlodlarga yetkazish ustida ish olib borgan shaxslar va muassasalar birlashdilar.
Shu nuqtai nazardan, TRT Xorijiy eshittirishlar bo'limi boshlig'i janob Onur Chekichiga turk tilini keng auditoriyaga aniq va tushunarli tarzda yetkazishdagi uzoq yillik muvaffaqiyati uchun, TRT Turkiya Ovozi Radiosi bilan tilni jamiyatga estetik va aniq ifoda bilan yetkazishdagi faoliyati uchun suxandon Shener Metega, turk tili tadqiqotlariga qo'shgan ulkan xalqaro hissasi uchun professor Ergin Jablega, turk lahjalari, til tarixi va qiyosiy tilshunoslik sohalaridagi kashshof ishlari uchun professor Henrik Yankovskiyga, turk tilining ilmiy til sifatida o'ziga xosligini shakllantirgan terminologiya sohasidagi kashshof ishlari uchun professor Aydin Ko'ksalga, turk tilini raqamlashtirish, ovoz texnologiyalari va lingvistik ma'lumotlarni qayta ishlash sohasidagi tajribasi, shuningdek, TUBA muhandislik atamalari lug'ati muharriri sifatida terminologiya sohasiga qo'shgan alohida hissasi uchun professor Bulent Sankurga, folklor, madaniy tarix va adabiyot sohasidagi tadqiqotlari orqali turk tilining madaniy boyligiga qo'shgan ulkan hissasi uchun professor Hoji O'mer Karpuzga "2025-yil Turk tiliga xizmat mukofoti" taqdim etildi.
Marosimda so'zga chiqqan Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy til millatning xotirasi, vijdoni va qalbi ekanligini ta'kidlab, turk tiliga xizmat qilish nafaqat so'z yoki jumlani go'zallashtirish, balki millatga, yerga va umumiy madaniy merosga xizmat qilish demak ekanligini ta'kidladi.
Vazir Ersoy shunday dedi: "Balki bu ko'pincha qarsaklarsiz, sahnasiz bo'ladi, lekin shuni bilish kerakki, turk tiliga sarflangan har bir harakat millatimiz kelajagi uchun qoldirgan eng qimmatli meroslardan biridir. Turk tiliga xizmat qilish ko'pincha ko'rinmas harakatdir, ammo uning qiymati beqiyosdir."
Ersoy tilimizning bugungi kungacha Mahmud Qoshg’ariydan Yunus Emregacha, Alisher Navoiydan ko'plab donishmandlargacha bo'lgan qadimiy sayohat orqali yetib kelganini eslatib, Respublikaning asoschisi G'ozi Mustafo Kamol Otaturk boshchiligidagi Turk Tili Assotsiatsiyasi turk tilini soddalashtirish va ilmiy rivojlantirishda tarixiy rol o'ynaganini ta'kidladi. Ersoy bu merosni kelajakka olib chiqishda har bir kishining mas'uliyati borligini ta'kidladi.
Vazir Ersoy mukofot sohiblarini tabriklab, turk tili uchun fidoyi mehnatlari uchun minnatdorchilik bildirdi.
“BU MUKOFOT FAQAT MINNATDORCHILIKNING IFODASI EMAS, BALKI MEHNAT SAMARASINING IFODASIDIR"
Marosimdagi nutqida Turk Tili Assotsiatsiyasi rahbari, professor Osman Mert har yili beriladigan Turk Tiliga Xizmat Mukofotlari shunchaki minnatdorchilik emas, balki mehnat samarasining ifodasi ekanligini ta'kidladi.

















