AQSh Isroilga Eron urushi kutilganidan uzoq davom etishini bildirdi
AQSh Isroilga Eron urushi kutilganidan uzoq davom etishini bildirdi
AQSh Isroilga Eronga qarshi olib borilayotgan urush boshida ko‘zda tutilganidan ko‘ra uzoqroq davom etishini bildirdi. Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochishga qaratilgan amaliyotlarning yana bir necha hafta davom etishi kutilmoqda.
Isroilning "Channel 12" telekanali yakshanba kuni tarqatgan xabarga ko‘ra, Vashingtonning ko‘zlagan ishi faqat suv yo‘lini ochish bilan cheklanib qolmaydi; AQSh ayni vaqtda Eronning dunyo energiya narxlari ustidagi keng ko‘lamli ta’sirini yo‘qotishni ham maqsad qilgan.
AQSh rasmiylari vaqt talab qilsa ham, strategik o‘zgarish bo‘lishini istashayotgani aytildi. AQSh boshlig‘i Donald Trump boshida to‘rtinchi haftasiga kirgan harbiy amaliyotning 4 tadan 5 haftagacha davom etishini aytgan va ishlar "rejalashtirilganidan ham oldinda" ketayotganini bir necha bor ta’kidlagan edi.
Isroil qo‘shini vakili Effi Defrin esa yakshanba kuni qilgan chiqishida, Eron va Livandagi Hizbulloh guruhiga qaratilgan hujumlarning "yana bir necha hafta" davom etishi kutilayotganini aytdi.
AQShda joylashgan "Axios" xabar sayti, shuningdek, Vashington va uning hamkorlari to‘qnashuv pastroq darajaga o‘tgan taqdirda ham, AQShning bu jarayondagi ishtiroki sentyabr oyigacha cho‘zilishi ehtimoliga tayyorgarlik ko‘rayotganini bildirdi.
AQSh-Isroilning Eronga hujumlari 28-fevralda boshlandi va o‘sha vaqtdan buyon, oralarida o‘sha paytdagi yo‘lboshchi Ali Xomanaiy ham bo‘lgan kamida 1300 kishi o‘lgani xabar qilindi.
Eron esa Isroil, Iordaniya, Iroq va AQSh harbiy kuchlari bo‘lgan Ko‘rfaz o‘lkalarini nishonga olgan uchuvchisiz uchar va raketa hujumlari bilan javob qaytardi.