Turkiya bilan Ozarbayjon energetika, savdo va investitsiya sohasida shartnoma imzoladi

Turkiya bilan Ozarbayjon 110 moddadan iborat Harakatlar rejasini o‘z ichiga oluvchi 12 - Qo‘shma Iqtisodiy Komissiya (QIK) protokolini imzoladi.

By
_

Turkiya bilan Ozarbayjon energiya, savdo, investitsiyalar va turizm kabi sohalarga o‘rin berilgan 110 moddadan iborat Harakatlar rejasini o‘z ichiga oluvchi 12 - Qo‘shma Iqtisodiy Komissiya (QIK) protokolini imzoladi.

Kelishuv dushanba kuni Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turkiya Respublikasi vitse - prezidenti Jevdet Yilmaz va Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov tomonidan imzolandi.

2021 - yilning 15 - iyuni kuni Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an bilan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev tomonidan imzolangan Shusha Deklaratsiyasi, munosabatlarni ittifoqchilik darajasiga olib chiqqanini yodga solgan Yilmaz, mavjud hamkorlik eng avvalo Turkiy Davlatlar Tashkiloti (TDT) doirasidagi faoliyatlarni mintaqaviy va xalqaro miqyosda kuchaytirish orqali butun Turk dunyosining farovonligiga hissa qo‘shishni maqsad qilganini ta’kidladi.

Yilmaz ushbu yondashuv asosida QIK yig‘ilishlari aniq loyihalar ishlab chiqish va umumiy iqtisodiy maqsadlarga ishonch bilan intilish uchun yo‘l xaritasini taqdim etishi va hamkorlikni real natijalarga aylantirishga xizmat qilayotganini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi harakatlar rejasida quyidagi aniq chora - tadbirlar nazarda tutilgan: Erkin savdo bitimini imzolash imkoniyatlarini o‘rganish; uchinchi davlatlarda investitsiya va xizmatlar savdosi sohasida hamkorlik qilish; Ozarbayjonni Yangi Kompyuterlashtirilgan Tranzit Tizimiga integratsiya qilish bo‘yicha Qo‘shma Ishchi Guruh tuzish; qo‘shma sanoat ta’lim markazlarini tashkil etish; Qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik bitimini imzolash; neft va gaz loyihalarida hamkorlikni rivojlantirish; sog‘liqni saqlashdan turizmgacha, bank ishidan davlat xaridlarigacha bo‘lgan keng ko‘lamli sohalarda tajriba almashish dasturlarini yo‘lga qo‘yish.

Vitse - prezident Yilmaz, Turkiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi savdo hajmi o‘tgan yili 8 milliard dollarga yetib, eng yuqori ko‘rsatkichga chiqqanini o‘z so‘ziga ilova etdi.

Shuningdek u shunday dedi: “Savdo hajmi uchun belgilagan 15 milliard dollarlik maqsadimiz — faqatgina imkoniyatlarimizni aks ettiruvchi o‘rta muddatli ko‘rsatkichdir. Asosiy maqsadimiz esa qo‘shma ishlab chiqarish, qo‘shma investitsiya va uchinchi davlatlarda birgalikda loyiha ishlab chiqish salohiyatiga erishishdir. Bu yo‘lda ishbilarmonlarimiz oldidagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona va logistika jarayonlarini tezlashtirish eng ustuvor vazifamiz bo‘ladi”.

Yilmaz Turkiyaning uchinchi davlatlar orqali amalga oshirgan investitsiyalari ham hisobga olinganda Turkiyaning Ozarbayjondagi investitsiyalari 18 milliard dollarga, Ozarbayjonning Turkiyadagi investitsiyalari esa 21 milliard dollarga yetganini ta’kidlagan holda mavzu haqida: “Biz Kaspiy boyliklarini G‘arbga yetkazib beruvchi oddiy tranzit mamlakatlar bo‘lib qolmasligimiz kerak; aksincha, energiya boshqariladigan va ta’minot xavfsizligi ta’minlanadigan strategik markazlarga aylanishimiz zarur. Shu bois energiya hamkorligimizni qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ham qamrab olgan holda diversifikatsiya qilishimiz, Naxchivon orqali rejalashtirilgan energiya koridorini imkon qadar tezroq ishga tushirib, energiya sohasidagi ittifoqchiligimizni mustahkamlashimiz lozim”, - degan ifodalarga o‘rin berdi.

U, shuningdek, TPAO va SOCAR o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, Ig‘dir – Naxchivon tabiiy gaz quvurining ishga tushirilishi, BOTAŞ, SOCAR va TPAOning uchinchi davlatlarda qo‘shma faoliyat olib borishi bo‘yicha erishilgan kelishuvlar hamda Yashil Elektr Energiyasini Uzatish va Savdosi loyihasi bilan Turkiya – Ozarbayjon, Naxchivon interkonneksiya loyihalari ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning naqadar uzoqni ko‘zlaganini yaqqol ko‘rsatishini ta’kidladi.

“21 - asrning Ipak yo‘li deb ataluvchi O‘rta koridor ham bugungi kunda misli ko‘rilmagan darajada muhim ahamiyat kasb etadi va e’tiborlar Kaspiy orqali o‘tuvchi Sharq - G‘arb yo‘nalishiga qaratildi”, — degan Jevdet Yilmaz salohiyatning o‘zi yetarli emasligi, bu imkoniyatni barqaror logistika arxitekturasiga aylantirish ikki mamlakat qo‘lida ekani, Zamonaviy Ipak yo‘lining asosiy unsurlari tamomlanishi va Xitoy devoridan Yevropagacha bo‘lgan savdoning taqdiri Turkiya bilan Ozarbayjonning mustahkam ittifoqi bilan shakllanishini alohida ta’kidladi.