Afg‘on-Pokiston chegarasida to‘qnashuv: Talafotlar haqida zid bayonotlar

Qobul chegara bo‘ylab o‘tkazilgan javob amaliyotlari natijasida 55 nafar tinch aholi vakili hayotdan ko‘z yumganini iddao qilmoqda.

By
Pokiston va Afg'on kuchlari o'rtasidagi chegara to'qnashuvlaridan so'ng yo'l bo'ylab yuk mashinalari to'xtab turgan bir paytda Afg'oniston tomonidan tutun ko'tarilmoqda. / AP

Qobul chegara bo‘ylab o‘tkazilgan javob amaliyotlari natijasida 55 nafar tinch aholi vakili hayotdan ko‘z yumganini iddao qilmoqda. Pokiston esa 400 dan ortiq Afg‘oniston Toliboni a’zosi o‘ldirilganini, ammo tinch aholi nishonga olinmaganini ma’lum qildi.

Afg‘oniston hukumati so‘zchisi Hamdulla Fitrat yakshanba kuni bergan bayonotida, Pokiston bilan yuz bergan to‘qnashuvlarda 55 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lganini qayd etdi. Fitratning ta’kidlashicha, payshanba kunidan buyon qurbon bo‘lganlar orasida ayollar va bolalar ham bor. Shuningdek, u ijtimoiy tarmoq orqali yaradorlar soni 69 nafarga yetgani va tinch aholiga tegishli kamida o‘nlab uylar vayron bo‘lganini qo‘shimcha qildi. Qurbonlar Paktika, Xost, Kunar, Nangurhor va Qandahor viloyatlarida qayd etilgan.

Shu bilan birga, Pokiston o‘zining "o‘zini mudofaa qilish" harakatlari tinch aholiga qarshi qaratilmaganini bildirdi. Pokiston Axborot vaziri Attoulloh Tarar yakshanba kuni payshanba kunidan beri amalga oshirilgan havo zarbalari va to‘qnashuvlarda Afg‘oniston Toliboniga mansub 415 nafar shubhali terrorchi o‘ldirilganini va 580 dan ortiq kishi yaralanganini aytdi.

Qobul esa chegara to‘qnashuvlarida 56 nafar Pokiston askari halok bo‘lganini iddao qilmoqda. Ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi taranglik fevral oyi oxirida Qobulning Pokiston havo hujumlariga javoban "qasos amaliyotlari"ni boshlaganidan beri yuqori darajada qolmoqda.

Har ikki tomon taqdim etgan raqamlarga ko‘ra, shu vaqtgacha jami 81 kishi halok bo‘lgan. Bular orasida 12 nafar Pokiston askari va bir nafar tinch aholi vakili bor. Qobul esa o‘z tomonidan 13 nafar askar va 55 nafar tinch aholi vakili qurbon bo‘lganini ochiqladi. Bir nafar Pokiston askari esa bedarak yo‘qolgan. Islomobod va Qobulning talafotlar borasidagi bu iddaolari hozircha mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanmagan.

Boshqa tomondan, Pokiston davlat televideniyesi xavfsizlik manbalariga tayanib, Pokiston shanba kuni Killa Sayfulloh sektorida jangarilarning suqulib kirish urinishini qaytarganini xabar qildi. Xabarda aytilishicha, Pokiston qurolli kuchlari ushbu urinishga chek qo‘ygach, ko‘plab terrorchilar yo‘q qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Pokiston fevral oyi oxirida "terrorchi nishonlar"ga havo hujumlari uyushtirib, 70 kishini o‘ldirgan edi. Afg‘oniston rasmiylari va BMT tinch aholi vakillari halok bo‘lganini aytayotgan bir paytda, Pokiston bu iddaolarni rad etib kelmoqda. Pokistonning "terrorchilar Afg‘oniston hududida faoliyat yuritmoqda" degan da’volari sababli so‘nggi oylarda ikki tomonlama munosabatlar yomonlashgan; Qobul esa bu ayblovlarni muttasil inkor qilmoqda. Mintaqaviy diplomatik aloqalar esa davom etmoqda.