Pokiston shimoli-g‘arbida qurollangan hujumchilar besh politsiyachini o‘ldirdi
Hujum Afg‘oniston chegarasiga yaqin joylashgan Xayber-Paxtunxva viloyatining Karak tumanida sodir etildi.
Rasmiylarning ma’lum qilishicha, seshanba kuni Pokiston shimoli-g‘arbidagi Xayber-Paxtunxva viloyatida qurollangan shaxslarning hujumi natijasida xizmat avtomobilida bo‘lgan besh nafar politsiyachi halok bo‘ldi. Pokiston Ichki ishlar vaziri Mohsin Naqvi bergan bayonotga ko‘ra, voqea viloyatning Karak tumanida yuz bergan.
Hujumni qattiq qoralagan Naqvi shunday dedi: "Xavfsizlik xodimlariga nisbatan qilingan ushbu hujum yovuz kuchlar tomonidan amalga oshirilgan ochiq-oydin vahshiylikdir. Shahidlarimizning fidoyiligi beiz ketmaydi; davlat bunga butun kuchi bilan javob qaytaradi".
Hujumchilarni qidirib topish uchun hududga ko‘p sonli xavfsizlik kuchlari safarbar etildi. Hozircha hech bir guruh hujum uchun javobgarlikni zimmasiga olgani yo‘q.
Avvalari "Tehrik-i-Tolibon Pokiston" (TTP) guruhi shunga o‘xshash ko‘plab hujumlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan edi. Islomobod mamlakatda so‘nggi vaqtlarda zo‘ravonliklarning ortishini Afg‘oniston hududidan turib xavfsizlik kuchlariga qarshi hujumlar rejalashtirayotgan terrorchilar bilan bog‘lamoqda. Kobul esa bu ayblovlarni rad etib, Pokiston xavfsizligi uning ichki ishi ekanini ta’kidlamoqda.