Putin oʻzaro siyosiy iroda boʻlsa unda Makron bilan uchrashishga tayyor

Ukraina urushi boshlanganidan beri Vengriya bilan Slovakiyadan tashqari Yevropa ittifoqi tarkibidagi davlatlarning koʻpchligi Putin bilan aloqasini uzgan edi.

By
_

Rossiyaning RIA axborot agentligining Kreml Matbuot xizmati kotibi Dmitriy Peskovning bayonotiga tayanib xabar berishicha, Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putin, oʻzaro siyosiy iroda boʻlsa unda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashishga tayyor.

RIA ma’lumotiga koʻra Peskov bugun (21.12.2025) mavzu haqida shunday degan: «Agar o‘zaro siyosiy iroda bo‘lsa, bu faqat ijobiy holat sifatida baholanadi».

Makron bu hafta, Yevropa Ukrainadagi urushni toʻxtatish masalasi ustidan Putin bilan yana muloqotni yoʻlga qo‘yishi kerakligiga ishonishini ifoda etgan.

Fransiya prezidenti, yaqin haftalarda bu muzokaralarni qayta boshlash uchun maqbul yoʻl topilishi yevropaliklar bilan ukrainaliklar uchun umumiy manfaat ekanini qayd etgandi.

Makron Bryusselda jurnalistlarga bergan bayonotida: «Yo zarur (xavfsizlik) kafolatlari bilan birgalikda mustahkam va barqaror tinchlikka erishiladi yoki yaqin haftalarda yevropaliklar Rossiya bilan toʻliq va mutlaqo shaffof muloqotni qayta boshlash yoʻllarini topishlari kerak», - degandi.

Eslatib oʻtamiz, Ukraina urushi boshlanganidan beri Vengriya bilan Slovakiyadan tashqari Yevropa ittifoqi tarkibidagi davlatlarning koʻpchligi Putin bilan aloqasini uzgan edi.

Makron iyul oyida Putin bilan uch yildan beri birinchi marotaba telefon orqali muloqot qilar ekan unda, u, Rossiyani Ukrainada oʻq uzishni toʻxtatishga chaqirdi ammo bu muloqot urush jarayoniga sezilarli darajada ta’sir koʻrsatmadi.

Makronning fikricha, Yevropa ittifoqi Rossiya bilan toʻgʻridan - toʻgʻri va umumiy siyosiy doira asosida muzokaralarni qayta boshlashi kerak. Aks holda yevropalik liderlar faqat oʻzaro gaplashish bilan cheklanib qoladi. Rossiya bilan boʻlgan aloqalar esa maxsus tayinlangan oʻrtamchilar yoki muzokarachilar orqali, cheklangan va bilvosita tarzda olib boriladi. Bu holat esa tinchlik sari real va samarali natija bermaydi.

Yevropa ittifoqi liderlari juma kuni, mojaro toʻrtinchi yilining oxiriga yaqinlashar ekan, yuzaga keladigan byudjet kamomadini qoplash maqsadida Ukrainaga 105 milliard dollar miqdorida kredit ajratishga qaror qildi. Biroq muzlatib qoʻyilgan Rossiya aktivlaridan ushbu mablagʻlarni ta’minlash masalasida kelishuvga erishilmadi.