Braziliyadagi yog‘ingarchilik 14 kishi umriga zomin bo‘ldi
Braziliya janubidagi noqulay ob - havo sharoiti va kuchli yog‘ingarchilik 14 kishi umriga zomin bo‘ldi, 440 kishi esa evakuatsiya qilindi.
Mahalliy hokimiyat bayonotiga ko‘ra Braziliya janubidagi Juiz de Fora shahrida kuchli yog‘ingarchilik ortidan kamida 14 kishi halok bo‘ldi, 440 kishi esa o‘z uy - joyidan boshqa joyga ko‘chirildi.
Yomg‘irlar toshqin va ko‘chkilarga yo‘l ochar ekan; rasmiylar seshanba kuni maktablarda darslar to‘xtatilganini ma’lum qildi.
Hodisalarga choralar ko‘rilishi va bedarak yo‘qolganlarni qidirish uchun mutaxassis guruhlar safarbar etildi.
Shahar ma’muriyati Minas Gerais shtatidagi ushbu shaharga yordam berish uchun federal va shtat idoralari jalb etilgani hamda shaharda favqulodda holat e’lon qilinganini bildirdi.
Braziliya hududining katta qismida mahalliy yoz mavsumi bo‘lgan dekabr – mart oylarida yomg‘ir mavsumi eng yuqori cho‘qqisiga chiqadi va bu davrda tez - tez kuchli yog‘ingarchiliklar, bo‘ronlar, toshqinlar hamda yer ko‘chkilari qayd etiladi.
Juiz de Fora shahri ma’muriyati bu fevral oyi shahar tarixidagi eng seryog‘in oy bo‘lgani, mazkur oy uchun kutilgan yog‘ingarchilik miqdori allaqachon ikki barobardan oshib ketganini qayd etdi.
Shahar meri Margarida Salomao ijtimoiy tarmoqlardagi bayonotida vaziyat «tanqidiy» ekanini ta’kidladi.
Braziliya Milliy meteorologiya instituti seshanba kuni Minas Gerais va Rio de Janeiro shtatlarini ham o‘z ichiga olgan holda 14 shtatning ayrim hududlarida kuchli yog‘ingarchilik yuz berishi mumkinligini ma’lum qildi.