Donald Tramp Isroilga tashrif buyurishi mumkin

Netanyaxu Donald Trampni Isroil parlamenti – Knessetda nutq so‘zlashga taklif qilgan.

Trump earlier said he is likely to visit Egypt soon for Gaza deal. / AA Archive

AQSh Prezidenti Donald Tramp yaqin kunlarda Isroilga tashrif buyurishi va Knessetda nutq so‘zlashi mumkinligi haqida xabar berildi. Bu xabar Isroil va Falastin guruhi Hamas o‘rtasida sulh kelishuvi imzolanganidan so‘ng e’lon qilindi.

“Ular mendan Knessetda nutq so‘zlashimni xohlayapti va agar ular xohlasa, men albatta buni qilaman,” dedi Tramp Axios jurnalisti Barak Ravidga chorshanba kuni X platformasida bergan bayonotida.

“Bu Isroil va butun dunyo uchun buyuk kun. Bibi bilan bo‘lgan suhbatim ajoyib o‘tdi. U juda xursand. U bunga haqli. Bu katta yutuq. Butun dunyo, hatto dushman bo‘lgan davlatlar ham, bu kelishuvga erishish uchun birlashdi,” dedi u Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan telefon orqali suhbatdan so‘ng.

Tramp, shuningdek, Hamas va Isroil o‘rtasidagi kelishuvdan so‘ng Eronning kengroq tinchlik rejasida ishtirok etishiga ishonishini bildirdi.

Barcha tomonlarga adolatli munosabat ko’rsatiladi

Chorshanba kuni Tramp Isroil va Hamas AQSh tomonidan taklif qilingan G‘azo kelishuvining birinchi bosqichini imzolaganini e’lon qildi.

“Barcha garovdagilar juda tez orada ozod qilinadi va Isroil o‘z qo‘shinlarini kelishilgan chiziqqa qaytaradi. Bu kuchli, barqaror va abadiy tinchlikka tomon birinchi qadamdir,” dedi u va barcha tomonlarga “adolatli munosabatda bo‘lish” kerakligini qo‘shimcha qildi.

Tramp, shuningdek, chorshanba kuni jurnalistlarga shu hafta Misrga tashrif buyurishi mumkinligini aytdi. Oq uy esa, juma kuni Merilend shtatidagi Betesda shahrida joylashgan Uolter Rid tibbiyot markaziga rejalashtirilgan tashrifdan so‘ng, mintaqaviy safar qilishni ko‘rib chiqayotganini tasdiqladi.

Ikki yillik genotsiddan so‘ng kelishuv

Bu e’lon Isroilning G‘azodagi genotsidi uchinchi yiliga kirganidan so‘ng yangradi. Isroil G‘azoda 67,1000 dan ortiq falastinliklarni, asosan ayollar va bolalarni, o‘ldirdi. Mutaxassislarning fikricha, bu raqam ancha yuqori bo‘lishi mumkin.

Isroil qamal ostidagi hududni xarobaga aylantirdi va deyarli barcha aholisini ko‘chirishga majbur qildi.