Erdo'g'an va Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi mintaqaviy masalalarni muhokama qildi
Turkiya va Saudiya Arabistoni yetakchilari Afrikada separatizm va parallel tuzilmalarni rad etadi.
Turkiya va Saudiya Arabistoni Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘anning Ar-Riyodga bir kunlik rasmiy tashrifi chog‘ida hamda Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon bilan o‘tkazgan uchrashuvida Somali suvereniteti va hududiy yaxlitligini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi va Afrika burnida joylashgan ushbu davlatning birligiga tahdid solayotgan separatistik harakatlar hamda parallel tuzilmalarni rad etdi.
Turkiya Respublikasi Prezident Administratsiyasining Aloqa boshqarmasi chorshanba kuni bergan bayonotga ko‘ra, ikki yetakchi seshanba kuni Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Somali Federal Respublikasining birligi, mamlakat barqarorligi, taraqqiyoti va xalq farovonligini saqlashga qaratilgan mustahkam qo‘llab-quvvatlashlarini ta’kidladi.
Yetakchilar Isroil rasmiylari bilan separatistik Somaliland mintaqasi o‘rtasida bildirilgan o‘zaro tan olish bayonotlarini ham rad etib, bunday qadamlar bir tomonlama separatistik harakatlarni kuchaytirishini, xalqaro huquqni buzishini va mintaqaviy keskinlikni oshirishini qayd etdi.
Isroil o‘tgan yil dekabr oyining oxirida Somalilandni mustaqil davlat sifatida tan olganini e’lon qilgan edi.
Somaliland 1991 yilda Somalidan mustaqilligini e’lon qilganidan buyon amalda muxtor hudud sifatida faoliyat yuritib kelmoqda, biroq hozirgacha rasmiy xalqaro tan olinishga erishmagan. Somali federal hukumati esa ushbu hudud mamlakat hududining ajralmas qismi ekanini doimiy ravishda ta’kidlab keladi.
Yamanda qonuniy hukumatni qo‘llab-quvvatlash
Ankara va Ar-Riyod Yaman masalasida Prezidentlik Rahbarlik Kengashi va Yaman hukumati tomonidan vakillik qilinayotgan mamlakatning qonuniy hukumatini qo‘llab-quvvatlashlarini yana bir bor tasdiqlab, Yaman suvereniteti, birligi va hududiy yaxlitligini saqlash muhimligini alohida urg‘uladi.
Turkiya tomoni Saudiya Arabistonining Yamandagi rolini hamda Prezidentlik Rahbarlik Kengashi raisining inqirozni hal etish va milliy yarashuvni ilgari surish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladi; shu doirada Ar-Riyodda barcha janubiy guruhlarni birlashtiruvchi keng qamrovli konferensiya o‘tkazishga chaqirdi.
Sudan birligini saqlash
Ikki davlat Sudan masalasida mamlakatning qonuniy institutlaridan tashqaridagi har qanday noqonuniy yoki parallel tuzilmalarni rad etib, Sudan birligi, xavfsizligi va suverenitetini saqlashga qaratilgan qat’iy pozitsiyasini yana bir bor tasdiqladi.
Sudanning mojaro, noqonuniy faoliyat va chet el qurollarining noqonuniy oqimi markaziga aylanishining oldini olish zarurligini ta’kidlagan tomonlar xalqaro gumanitar huquq va 2023 yil may oyida qabul qilingan Jidda Deklaratsiyasiga muvofiq tinch aholini himoya qilish hamda gumanitar yordamning to‘sqinliksiz yetkazilishini talab qildi.
Turkiya Saudiya Arabistonining urushni tugatish va Sudan xalqining azob-uqubatlarini yengillashtirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. Ar-Riyod esa Turkiyaning gumanitar yordam va inqirozlarga javob choralariga nisbatan minnatdorlik bildirdi.
Har ikki tomon Sudan Qurolli Kuchlarining Chad bilan Adre chegara o‘tkazish punktini uzoqroq muddat ochiq saqlash hamda gumanitar yordam yetkazib berishni osonlashtirish maqsadida turli aeroportlar va chegara punktlarini qayta ochish qarorini mamnuniyat bilan qarshi oldi.
Erdo‘g‘an va Saudiya Arabistoni Valiahd shahzodasi Isroilni Suriyadan chiqib ketishga chaqirdi.
Ankara va Ar-Riyod Suriya masalasida Suriya hukumatining xavfsizlik, barqarorlik va hududiy yaxlitlikni ta’minlash yo‘lidagi mas’uliyatli qadamlarini olqishlab, Damashqni qo‘llab-quvvatlash va sanksiyalarni bekor qilishga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlarni ijobiy baholadi.
2024 yil 30 yanvardagi sulh va integratsiya kelishuvini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan Turkiya va Saudiya Arabistoni terrorchilik tashkilotlariga qarshi kurash hamda fuqarolik tinchligini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarga yordam berishini ta’kidladi va Isroilning Suriya suverenitetini muntazam ravishda buzishini qoraladi.
Ikki tomon ham Isroilni ishg‘ol ostidagi barcha Suriya hududlaridan darhol chiqib ketishga chaqirib, davom etayotgan hujumlar xalqaro huquqqa putur yetkazishini va mintaqaviy keskinlikni yanada kuchaytirishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.