Tramp, AQShga yadroviy qurollarni sinovdan o‘tkazishni boshlashni buyurdi
AQSh Prezidenti Donald Tramp: “Boshqa davlatlarning sinov dasturlari tufayli Mudofaa vazirligiga yadroviy qurollarimizni teng darajada sinovdan o‘tkazishni boshlashni buyurdim,” dedi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp, Xitoy va Rossiya bilan bir xil darajada yadroviy qurol sinovlarini o‘tkazish uchun Pentagon’ga ko‘rsatma berganini e’lon qildi. U bu bayonotni Xitoy rahbari Si Szinpin bilan yuqori xavfli sammit boshlanishidan bir necha daqiqa avval berdi.
Payshanba kuni amalga oshirilgan bu qadam, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Vashington ogohlantirishlariga qaramay, yadroviy kallak tashishga va yadroviy energiyada ishlashga qodir suv osti dronini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazganini aytganidan bir kun o‘tib yuz berdi.
Tramp ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida shunday yozdi:
“Boshqa davlatlar o‘tkazayotgan sinov dasturlari sababli Mudofaa vazirligiga yadroviy qurollarimizni teng darajada sinovdan o‘tkazishni boshlashni buyurdim.”
U, shuningdek, Amerika Qo‘shma Shtatlari boshqa barcha mamlakatlardan ko‘proq yadroviy qurollarga egaligini aytib, mavjud qurollarni “to‘liq yangilash va modernizatsiya qilish” borasidagi sa’y-harakatlarini maqtadi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra:
“Rossiya ikkinchi o‘rinda, Xitoy esa ancha orqada, uchinchi o‘rinda turadi, ammo besh yil ichida bizga yetib oladi.”
Xalqaro Yadroviy Qurollarni Yo‘qotish Kampaniyasi (ICAN) ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda to‘qqiz davlat yadroviy qurollarga ega: Rossiya, AQSh, Xitoy, Fransiya, Buyuk Britaniya, Pokiston, Hindiston, Isroil va Shimoliy Koreya.
Tramp sinovlarning aniq ko‘lami haqida batafsil ma’lumot bermadi, biroq jarayon “darhol boshlanishini” aytdi.
“To‘sib bo‘lmaydi”
Putin chorshanba kuni yadroviy kallak tashiy oladigan va yadroviy energiyada ishlaydigan “Poseydon” nomli suv osti dronini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilganini e’lon qildi. Bu bir necha kun ichida amalga oshirilgan ikkinchi qurol sinovi bo‘ldi.
Ukrainadagi yarador rus askarlari davolanayotgan harbiy gospitadan chiqish paytida so‘zlagan Putinning aytishicha, “Poseydon”ni “to‘sib bo‘lmaydi”.
Putin, bu dron odatdagi suvosti kemalaridan tezroq harakatlana olishini, chuqurlarga sho‘ng‘ishi va dunyoning istalgan qit’asiga yetib borish imkoniga egaligini bildirdi.
O‘tgan yakshanba kuni amalga oshirilgan qanotli raketa sinovidan so‘ng, Tramp Putinni tanqid qilib, “raketa sinovlari o‘tkazish o‘rniga Ukrainadagi urushni tugatishi kerak”ligini aytgandi.
O‘tgan hafta Budapeshtda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Tramp–Putin sammiti bekor qilingan edi.
Tarixiy ma’lumot
1945-yil 16-iyulda Nyu-Meksiko shtatida o‘tkazilgan birinchi atom bombasi sinovidan 1992-yilgacha AQSh jami 1 054 marta yadroviy sinov o‘tkazgan va Ikkinchi jahon urushi paytida Yaponiyaga ikki marta atom hujumi uyushtirgan.
AQShning so‘nggi yadroviy portlashi 1992-yil sentabr oyida Nevada Yadro Xavfsizligi Poligonida yer ostida o‘tkazilgan 20 kilotonnalik sinov edi.
O‘sha yilning oktabrida o‘sha paytdagi Prezident Jorj H. V. Bush yangi sinovlarni to‘xtatish to‘g‘risida qaror chiqardi. Ushbu moratoriy keyingi ma’muriyatlar tomonidan ham davom ettirildi. Shundan so‘ng yadroviy sinovlarning o‘rnini ilg‘or kompyuter simulyatsiyalarida o‘tkaziladigan yadroviy bo‘lmagan, ya’ni “subkritik” tajribalar egalladi.