Xitoy nodir yer elementlari eksport litsenziyalarini soddalashtira boshladi
Yangi umumiy litsenziyalardan maqsad harbiy bo‘lmagan foydalanuvchilarning nodir yer magnitlari eksport cheklovlarini yengillashtirishdir. Bu esa global ishlab chiqaruvchilarning takror ishlab chiqara boshlashiga yordam beradi.
Xitoy tomonidan payshanba kuni (04.12.2025) berilgan bayonotda, AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan Xitoy Prezidenti Si Szinpin o‘rtasida bir muzokara bo‘lib o‘tgani va ortidan ikki davlatning savdo sohasida qayd etilgan tangliklarini yumshatish niyatida kamyob yer elementlarini eksport qilish bo‘yicha litsenziya jarayonlarini soddalashtirish ustida kelishib olingani bildirildi.
Pekin aprel oyi boshida ayrim kamyob yer elementlari va magnitlarni eksport nazorati ro‘yxatiga kiritib, ular uchun ikki yoqlama (harbiy va harbiy bo‘lmagan) foydalanish litsenziyasini majburiy holga keltirgan edi.
Xitoy tomonidan yo‘lga qo‘yilgan kamyob yer magnitlari eksporti aprel va may oylarida kamaydi; bu esa ayrim yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilarning ishlab chiqarish jarayonining ba’zi bosqichlarini vaqtincha to‘xtatishga majbur qildi.
Xitoyning davlat axborot agentligi Xinxua payshanba kuni Savdo vazirligining haftalik brifingiga tayanib, «Xitoy ikki yoqlama mahsulotlarning muvofiq savdosini qo‘llab - quvvatlash maqsadida umumiy litsenziyalar va boshqa yengillashtiruvchi choralarni faol ravishda qo‘llamoqda», - degan ifodalarga o‘rin berdi.
Reuters seshanba kuni, kamida uch nafar xitoylik kamyob yer magniti ishlab chiqaruvchisi ayrim mijozlarga eksportni tezlashtirish imkonini beruvchi litsenziyalar olganini bildirdi.
Savdo vazirligi vakili He Yadong, haftalik brifingda jurnalistlarga: «Kamyob elementlar bilan bog‘liq mahsulotlar uchun eksport litsenziyasi murojaati harbiy bo‘lmagan maqsadlarni ko‘zlar ekan, hukumat ham o‘z vaqtida tasdiqlab kelmoqda», - dedi.
Reuters noyabr oyi boshida bergan ma’lumotiga ko‘ra yangi umumiy litsenziyalar alohida xaridorlar uchun bir yillik ruxsatnomalar asosida ko‘proq eksportga imkon yaratish uchun ishlab chiqilgan.
Biroq bu litsenziyalar amaldagi ikki yoqlama litsenziyalash tizimi o‘rniga o‘tmaydi va hozircha faqat yirik Xitoy kamyob yer kompaniyalari ushbu yangi imkoniyatdan foydalana olmoqda.