Erdo‘g‘an Ataturkni yod etishga bag‘ishlangan marosimga yetakchilik qildi

Prezident Erdo‘g‘an, Anqarada, Turkiya Respublikasining asoschisi va birinchi prezidenti Mustafa Kemal Ataturkni yod etishga bag‘ishlangan milliy marosimga yetakchilik qildi.

By
_

Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an dushanba kuni (10.11.2025) poytaxt Anqarada Turkiya Respublikasining asoschisi va birinchi prezidenti Mustafa Kemal Ataturkni vafot etgan kunining 87 - yilligiga bag‘ishlangan milliy marosimga yetakchilik qildi.

Tadbirda nutq so‘zlagan Erdo‘g‘an Ataturkni hurmat bilan yod etar ekan, Ozodlik kurashini boshqargan va zamonaviy turk davlati poydevorini qo‘ygan ilk Turkiya Buyuk Millat Majlisi a’zolariga minnatdorchilik bildirdi.

Erdo‘g‘an shuningdek Malazgirt muhorabasi, Istanbulning fath etilishi, Chanoqqal’a jangi va 15 - iyuldagi to‘ntarish tashabbusiga qadar bo‘lgan xalq fidoiylarini yod etib; respublikaning 102 yillik tarixida Turkiyaning taraqqiyotiga hissa qo‘shganlarga chuqur minnatdorchilik bildirdi.

Prezident Ataturkning: «Mening jismim bir kunmas bir kun mutlaqo tuproqqa aylanadi; faqat Turkiya Respubliksi abadiy yashaydi», - degan mashhur so‘zlarini; asoschining vaqt o‘tishi bilan barqaror va kuchli bo‘lib boradigan millat tasavvurini aks ettirishini qayd etdi.

Erdo‘g‘an so‘zlari davomida: «Ataturk merosini hurmat qilish degani respublikani mustahkamlash, uning yutuqlarini rivojlantirish, uni har sohada yanada kuchli va farovon qilish deganidir», - degan ifodalarga o‘rin berdi.

Erdo‘g‘an shuningdek, Madaniyat va turizm vazirligi bilan Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) hamkorligida Salonikida joylashgan Ataturkning tug‘ilgan uyida 11 oy davom etgan ta’mirlash ishlari yakunlanganini ma’lum qildi.

Tarixiy uyning 1953 - yildagi ko‘rinishiga qaytarilib, ziyoratchilar uchun qayta ochilganini ifoda etgan Erdo‘g‘an; ushbu loyiha Ataturk merosini saqlash bo‘yicha davom etayotgan sa’y - harakatlarining bir qismi ekanini o‘z so‘ziga ilova etdi.

Ozodlik kurashini boshqargan va 1923 - yili zamonaviy respublikani barpo etgan Ataturk, 1938 - yilning 10 - noyabri kuni; ropra – rosa 57 yoshida, Istanbuldagi Dolmabaxcha saroyida vafot etdi.

Har yili, uning o‘lim vaqti bo‘lgan soat 09:05 da mamlakat bir daqiqaga sukut saqlab; Turkiyani zamonaviy, dunyoviy respublikaga aylantirishga rahbarlik qilgan buyuk liderni yod etadi.