Turkiyada TRT Yoshlar telekanali ochildi
Erdo‘g‘an Anqarada TRT Yoshlar telekanalining tantanali ochilish marosimida nutq so'zladi.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an yosh tomoshabinlarga mo‘ljallangan yangi televideniye kanali — TRT Yoshlar telekanalining ochilish tadbirida ishtirok etdi.
Payshanba kuni Beshtepe Millat Kongressi va Madaniyat Markazida yoshlar, OAV vakillari va mehmonlarga murojaat qilgan Erdo‘g‘an, yoshlarni “millat uyi”da qabul qilishdan baxtiyor ekanini aytib, ularni Turkiyaning kelajagi deb ta’rifladi.
TRT xodimlarini tabriklagan Erdo‘g‘an, yangi kanal yoshlar, oilalar, media sohasi va butun millat uchun foydali bo‘lishiga ishonch bildirar ekan, jamoaga muvaffaqiyatlar tiladi.
Erdo‘g‘an TRT Yoshlar telekanali ilm-fandan texnologiyaga, madaniyat va san’atdan sportga, tarixdan kundalik hayotgacha bo‘lgan keng doirada efirlar olib borib, yoshlarning aqliy, hissiy va madaniy rivojiga hissa qo‘shishini ta’kidladi. Shuningdek, bunday platformalarning “zamonaviy davr vabosi bo‘lgan qaramlikka qarshi kurashda” muhim ekanini qayd etib, ayniqsa ekran qaramligi, onlayn garovlar, qimor va giyohvandlik kabi qaramlik turlarida jiddiy o‘sish kuzatilayotganini aytdi.
“Haqiqat” uchun kurash davom etadi
Oila zamonaviy “madaniy urushlar”ning jang maydonlaridan biriga aylanganidan ogohlantirgan Prezident, oila institutining misli ko‘rilmagan hujum va qamal ostida ekanini bildirdi. U, ko‘ngilochar maqsadda boshlangan raqamli o‘yinlar yoshlarni onlayn garov va qimorga yetaklaydigan tuzoqqa aylanayotganini ta’kidladi.
Ijtimoiy roliklar bilangina cheklanmay, yanada qat’iy yondashuv zarurligini aytgan Erdo‘g‘an, Turkiya qaramlik muammosini chuqurroq o‘rganib, bu muammo ustida qat’iyat bilan ishlashi lozimligini urg‘uladi. U “Haqiqat” uchun kurash Anadolu Agentligi va Aloqa boshqarmasi boshchiligida barcha jabhalarda davom ettirilishini bildirdi.
Yosh tomoshabinlarni ko‘nglini ochib, o‘qitish
Tadbirda so‘zga chiqqan TRT Bosh direktori Mehmet Zahid Sobaji, TRT Yoshlar telekanali orqali bolalar kontenti bilan kattalar dasturlari orasida qolib ketgan, o‘ziga mos, toza va sifatli ekran topa olmagan yoshlarga — davlat kafolati, millat qadriyatlari va sivilizatsiya da’vosi bilan yo‘g‘rilgan manzilni taqdim etayotganliklarini aytdi.
Sobaji, TRT Yoshlar telekanali ota-onalarga ham mo‘ljallanganini, oilalar birgalikda tomosha qilishi, birgalikda o‘rganishi va rishtalarini mustahkamlashi mumkin bo‘lgan xavfsiz makon yaratishini ta’kidladi.
“Kanalimizning ajralib turadigan jihati — bilim va sifat bilan ajralib turuvchi ekran yuzlari orqali farzandlarimizni ko‘nglini ochib, o‘qitishidir”, — degan Sobaji so‘zlarini shunday davom ettirdi:
“Yosh tadbirkorlarning g‘oyalarini, yosh ixtirochilarning loyihalarini, astronavtlarimiz va olimlarimiz bilan uchrashuvlarni ekranlarga olib chiqib, yoshlarimizga ‘rol modeli’ taqdim etamiz va ularga ‘men ham qila olaman’ degan ishonchni singdiramiz.