Turkiya Suriya armiyasi ko‘magida DEASh terrorchilarining ozod etilgani haqidagi da’volarni rad etdi
Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi: “Turkiyaning DEASh terror tashkilotiga qarshi eng kuchli kurash olib borayotgan davlat ekani ma’lum va bahs-munozarasiz haqiqatdir.”
Suriya hududidagi so‘nggi voqealar chog‘ida DEASh terrorchilari Turkiya ko‘magi bilan Suriya armiyasi tomonidan ozod etilgani haqidagi da’volar “mutlaqo asossiz”, deb ma’lum qildi Turkiya hukumatiga qarashli Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi.
Markaz dushanba kuni Turkiyaning NSosyal ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan bayonotida: “Turkiya mintaqada DEAShga qarshi eng qat’iy kurash olib borayotgan va bugungi kunga qadar ushbu terror tashkilotiga eng katta zarbalarni bergan davlat ekani ma’lum va inkor etib bo‘lmaydigan haqiqatdir”, — deya ta’kidladi.
Markaz jamoatchilikni hamda “asrlar davomida bir hududni baham ko‘rib kelayotgan, ko‘plab umumiy qadriyatlarga ega do‘st, birodar mamlakatlar va qo‘shnilarimizni” bunday “asossiz iddaolarga” ishonmaslikka chaqirdi.
“Jiddiy xavfsizlik buzilishi”
Mazkur bayonot Damashq YPGni Haseke viloyatidagi al-Sheddadi qamoqxonasidan DEASh mahbuslarini ozod qilishda ayblagan bir paytda, Suriya shimoli-sharqida keskinlik kuchaygan fonida yangradi. Suriya Ichki ishlar vazirligi bu hodisa milliy, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka tahdid soluvchi jiddiy xavfsizlik buzilishi ekanini bildirdi hamda DEASh a’zolari saqlanayotgan qamoqxona va hibsxonalar boshqaruvi hamda himoyasini o‘z zimmasiga olishga tayyor ekanini e’lon qildi.
Suriya Arab Axborot Agentligi (SANA) xabariga ko‘ra, Suriya armiyasi bo‘linmalari al-Şeddadiga kirib, qamoqxonani nazorat ostiga oldi. YPG tomonidan mahbuslar ozod qilingani haqidagi iddaolardan so‘ng qochib ketgan DEASh unsurlarini qo‘lga olish uchun hududda qidiruv-amaliyotlari boshlangan va komendantlik soati joriy etilgan.
Suriya hukumati, shuningdek, “terrorizm masalasini” siyosiy yoki xavfsizlik bosimi vositasi sifatida ishlatishga urinishlarni rad etdi va YPGning rahbar tuzilmalarini DEASh tahdididan nazoratni saqlab qolish maqsadida foydalanishda aybladi.
Damashq terrorizmga qarshi xalqaro mexanizmlar doirasida to‘liq hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi hamda har qanday qamoqxona xavfsizligi buzilishi uchun hozirda mazkur inshootlarni nazorat qilayotgan kuchlar mas’ul ekanini ta’kidladi.