Isroil prokurori falastinlik mahbus videosini sizdirganini tan oldi
Isroilning harbiy bosh prokurori general Yifat Tomer-Yerushalmi, janubdagi qamoq markazida falastinlik mahbusga nisbatan zo‘ravonlikni aks ettiruvchi videoni ommaga sizdirganini tan olib, iste’foga chiqdi.
Isroil OAVda e’lon qilingan yozishmalarga ko‘ra, yuqori lavozimli harbiy prokuror yomon nom chiqargan harbiy hibsxonada Isroil askarlari falastinlik mahbusni do‘pposlayotganini ko‘rsatuvchi videoni sizdirganini tan olganidan so‘ng lavozimini tark etdi.
Bu iqror, avvaldan o‘ng qanot siyosatchilarning tanqidiga uchrab kelgan Tomer-Yerushalmini siyosiy tortishuv markaziga olib chiqdi. O‘ng qanotchilar uning bu harakatini “davlatga xiyonat” deb atashmoqda.
Xalqaro hamjamiyat Tomer-Yerushalmini Isroil askarlari tomonidan sodir etilgan urush jinoyatlariga nisbatan haddan tashqari yumshoqlikda ayblab kelgan. U esa Netanyaxu hukumati va o‘ta o‘ng siyosiy muhit tufayli mustaqil harakat qilishda qiyinchilikka duch kelayotgani aytilmoqda.
O‘tgan yili Isroilning Channel 12 telekanalida efirga uzatilgan sizdirilgan videoda janubdagi Sde Teiman qamoqxonasida Isroil askarlari G‘azodan keltirilgan falastinlik mahbusga jinsiy zo‘ravonlik qilayotgani aks etgan edi. Bu voqea bo‘yicha harbiy tergov o‘tkazilishi o‘ta millatchilar noroziligini kuchaytirib, ular markazga bostirib kirgan.
Juma kuni iste’fo arizasida Tomer-Yerushalmi videoni sizdirish qarorini o‘zining harbiy tizimga nisbatan “falastinlik mahbuslarni askarlardan ustun qo‘yadi” degan tanqidlarga javoban qabul qilganini yozgan.
Uning maktubidan OAVda keltirilgan satrlarda shunday deyiladi:
“Agar mahbusga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilganiga oqilona shubha bo‘lsa, harbiy tizim tergov o‘tkazishga majburdir. Afsuski, eng yomon jinoyatchilarga ham hech qachon qilinmasligi kerak bo‘lgan amallar borligi haqidagi bu asosiy tushuncha endi hammani ishontirmayapti.”
Mudofaa vaziri Isroil Kats va bir qancha siyosatchilar Tomer-Yerushalmini iste’fosidan so‘ng keskin tanqid qildi. Katz uning qayta lavozimga tayinlanmasligini va videoni sizdirishda ishtirok etganlarga nisbatan surishtiruv davom etishini ma’lum qildi.
Isroilning G‘azodagi urushi davomida, ayniqsa hodisa sodir bo‘lgan Sde Teiman markazida falastinlik tutqunlar bilan muomala inson huquqlari tashkilotlari tomonidan “g‘ayriinsoniy va haqoratli” deb baholanmoqda. Mahbuslar oylar davomida ayblovsiz yoki sudsiz ushlab turiladi. Ozod qilingan ko‘plab tutqunlar soqchilar tomonidan muntazam kaltaklanish, oziq-ovqatning yetarli berilmasligi va og‘ir sharoitlarda saqlanganini bildirganlar.