AQSh prezidenti hujum ehtimoli haqida ogohlantirgach, Karakasda portlashlar eshitildi
Karakasda tunda eshitilgan portlashlar Vashington tomonidan bildirilgan hujum ogohlantirishlaridan so‘ng yuz berdi; Maduro ayblovlarni rad etib, hamkorlikka chaqirdi.
AFP muxbirining xabar berishicha, shanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 02:00 atrofida (TSI 06:00) Venesuela poytaxti Karakasda samolyot parvozini eslatadigan tovushlar bilan birga kuchli portlashlar eshitildi.
Portlashlar AQSh prezidenti Donald Tramp Karib dengiziga dengiz kuchlari guruhini joylashtirgach, Venesuelaga nisbatan quruqlikdan hujum ehtimolini tilga olganidan keyin sodir bo‘ldi.
Soat 02:15 lar atrofida ham portlash tovushlari davom etgani bildirildi, biroq ularning aniq qayerda yuz bergani oydinlashmadi.
Tramp dushanba kuni qilgan bayonotida Venesuelaga tegishli ekani aytilayotgan narkotik tashuvchi qayiqlar foydalangan bir qo‘nish hududi AQSh tomonidan urib yo‘q qilinganini aytgan edi. Biroq bu harbiy amaliyot bo‘lganmi yoki Markaziy razvedka boshqarmasi tomonidan amalga oshirilganmi, shuningdek hujum qayerda sodir bo‘lgani haqida ma’lumot bermay, faqat “sohil bo‘ylab” degan ifodani ishlatdi.
Mazkur hodisa Venesuela hududiga qaratilgan ilk ma’lum quruqlik hujumi bo‘lishi mumkinligi haqidagi bahslarga sabab bo‘ldi.
Venesuela prezidenti Nikolas Maduro dushanba kuni sodir bo‘lgani aytilayotgan hujumni na tasdiqladi, na inkor etdi. Biroq payshanba kuni qilgan bayonotida bir necha haftadan beri davom etayotgan AQSh harbiy bosimiga qaramay, Vashington bilan hamkorlikka ochiq ekanini bildirdi.
Tramp ma’muriyati Maduroni narkotik kartelini boshqarishda ayblamoqda, Maduro esa bu da’volarni rad etib, AQShning asl maqsadi dunyodagi eng yirik tasdiqlangan neft zaxiralariga ega Venesuelada hokimiyatni ag‘darish ekanini ta’kidlaydi.
Vashington Venesuela havo hududini amalda yopib qo‘ydi, yangi sanksiyalar joriy etdi va Venesuela nefti yuklangan tankerlarni musodara qilish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu choralar Karakasga bosimni yanada kuchaytirdi.
Tramp bir necha haftadan beri mintaqada narkotik kartellariga qarshi quruqlik amaliyotlari bilan tahdid qilib kelar, bu hujumlar “yaqin orada” boshlanishini aytib kelayotgan edi. Dushanba kuni yuz bergan voqea ushbu tahdidning ilk aniq namunasiga o‘xshatilmoqda.
AQSh kuchlari sentabrdan buyon Karib dengizi va Sharqiy Tinch okeanida Vashington narkotik savdosiga aloqador deya ta’riflayotgan qayiqlarga qarshi ko‘plab hujumlar uyushtirdi.
Biroq AQSh ma’muriyati nishonga olingan qayiqlarning giyohvand moddalar kontrabandasiga aloqadorligini tasdiqlovchi aniq dalillarni jamoatchilikka taqdim etmadi. Bu esa amaliyotlarning huquqiy legitimligi borasida bahslarni kuchaytirdi.
AQSh armiyasi e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur dengiz amaliyotlari davomida kamida 30 ta hujumda 107 kishi halok bo‘lgan.