Erdo'g‘an va Yevrokomissiya rahbari Eron atrofidagi keskinlikni muhokama qildi
Prezident Rejep Tayyip Erdo’g‘an Ursula fon der Lyayen bilan telefon orqali muloqot qilib, barcha tomonlarni diplomatiya va muzokaralar stoliga qaytishga chaqirdi.
Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Kommunikatsiya boshqarmasining ma’lum qilishicha, yakshanba kuni Prezident Rejep Tayyip Erdo’g‘an Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen bilan Eronga qilingan so‘nggi hujumlar va bu hodisalar keltirib chiqargan mintaqaviy keskinlikni muhokama qilgan.
Suhbat chog‘ida Erdo’g‘an barcha tomonlarni diplomatiya va muzokaralarga qaytishga chaqirar ekan, tinchlik jarayoni uchun har qanday yordamni berishga tayyorligini ta’kidladi. Shuningdek, u ushbu jarayon davomida Turkiya va Yevropa Ittifoqi (YI) o‘rtasida yaqin hamkorlikni davom ettirish muhimligiga e’tibor qaratdi.
AQSH va Isroil shanba kuni Eronga hujum uyushtirdi. Mazkur hujum oqibatida bir qator yuqori martabali rahbarlar, jumladan, diniy yetakchi Oyatulloh Ali Xomanaiy ham halok bo‘ldi. Tehron esa bunga javoban Isroil, AQSH aktivlari va bir qator Fors ko‘rfazi davlatlarini nishonga olgan holda uchuvchisiz uchish apparatlari hamda raketalar bilan zarba berdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning iyun oyida ham Isroil va AQSH Eronga shunga o‘xshash hujum uyushtirgan edi. O‘shanda bu holat 12 kunlik urushga sabab bo‘lib, yakunda o‘t ochishni to‘xtatish haqida kelishuvga erishilgan edi.