Xitoy va Hindiston o‘rtasida besh yildan so‘ng to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar tiklandi
IndiGo aviakompaniyasining yangi Kolkata–Guangzhou yo‘nalishining ochilishi 2020 yilda chegara to‘qnashuvlari va pandemiya sababli to‘xtab qolgan ikki qo‘shni mamlakat o‘rtasidagi birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviabog‘lanishni belgilaydi.
Xitoy va Hindiston besh yillik tanaffusdan so‘ng, yakshanba kuni birinchi marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri tijorat reyslarini tiklashdi. Bu qadam 2020-yildagi chegara mojarosidan keyin taranglashgan munosabatlarni yaxshilash yo‘lida ehtiyotkorona harakat sifatida baholanmoqda.
Birinchi IndiGo aviakompaniyasining reysi Kalkuttadagi Netaji Subhas Chandra Bose xalqaro aeroportidan uchib, Guanchjouga yetib bordi. Parvozda 176 yo‘lovchi qatnashdi. Hindistonning eng yirik aviakompaniyasi ikki shahar o‘rtasida yangi kundalik to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovni yo‘lga qo‘ydi.
Yangi Dehli bu tashabbusni “odamlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash” va “ikki tomonlama almashinuvlarni asta-sekin normallashtirish”ga qaratilgan qadam sifatida e’tirof etdi. Shu bilan birga, Shanxay va Yangi Dehli o‘rtasidagi ikkinchi yo‘nalish 9-noyabrdan boshlab haftasiga uch marta amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Ikki Osiyo giganti o‘rtasidagi havo qatnovlari 2020-yil boshida COVID-19 pandemiyasi boshlanishi bilan to‘xtagan edi. Bu parvozlar iyun oyida Galvan vodiysida yuz bergan halokatli to‘qnashuvlardan so‘ng ham tiklanmagan. Ushbu mojaro davomida 20 nafar hindistonlik askar va noma’lum miqdordagi xitoylik harbiylar halok bo‘lgan edi.
Shundan beri munosabatlar asta-sekin yaxshilandi. Ayniqsa, 2024-yil oktabr oyida Haqiqiy nazorat chizig‘i (LAC) bo‘ylab taranglikni yumshatishga qaratilgan kelishuv imzolanganidan so‘ng bu jarayon tezlashdi.
Parvozlarning qayta tiklanishi dunyoning eng ko‘p aholiga ega ikki davlat o‘rtasida normal holatni tiklash yo‘lida ramziy, ammo muhim qadam sifatida ko‘rilmoqda.