Prezident Erdo’g’an 10 yildan ortiq tanaffusdan so‘ng Efiopiyaga rasmiy tashrif buyurmoqda
Abiy Ahmedning taklifiga binoan seshanba kuni Addis-Ababaga amalga oshiriladigan ushbu tashrif ikki davlat o‘rtasidagi rasmiy munosabatlarning 100 yilligi munosabati bilan tashkil etilmoqda.
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘anning Efiopiyaga tashrifi mahalliy matbuotda keng yoritildi. Xabarlarda qayd etilishicha, 16-asrgacha borib taqaladigan tarixiy aloqalar doirasida Turkiyaning Addis-Ababadagi elchixonasi ochilganining 100 yilligi nishonlanmoqda va tashrifning diplomatik ahamiyati alohida ta’kidlanmoqda.
Davlat va xususiy OAV tashrifni asosan ijobiy ruhda yoritib, uzoq yillik aloqalar, ortib borayotgan iqtisodiy hamkorlik va Anqaraning mintaqadagi diplomatik rolini urg‘uladi.
Abiy Ahmedning taklifiga ko‘ra amalga oshiriladigan bu tashrif Erdo‘g‘anning 10 yildan ortiq vaqtdan so‘ng Efiopiyaga ilk safari bo‘ladi.
Davlat telekanali Fana Broadcasting Corporate tashrif ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishini bildirdi. Erdo‘g‘an haqida chop etilgan maqolalardan birida u “yangi Turkiyaning me’mori” deb ta’riflandi.
Xususiy nashr Addis Standard esa tashrifni Afrika Shoxi mintaqasidagi keskinliklar va Turkiyaning hududdagi diplomatik faolligi bilan bog‘ladi. Xabarda ikki davlat o‘rtasida ilgari kelishilgan turli hamkorlik bitimlari imzolanishi kutilayotgani qayd etildi.
Abiy tomonidan oktyabr oyida tashkil etilgan pan-afrika raqamli media platformasi Pulse of Africa ham Erdo‘g‘anning savdo, infratuzilma va xavfsizlik sohalaridagi aloqalarni kengaytirish maqsadida Addis-Ababaga tashrifi Turkiyaning Qizil dengiz va Afrika Shoxidagi ta’sirini mustahkamlashini ta’kidladi.
Yuz yillik ikki tomonlama aloqalar munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Turkiyaning Efiopiyadagi elchisi Berk Baran Erdo‘g‘an tashrifi “allaqachon mustahkam bo‘lgan aloqalarni yanada rivojlantirish” ma’nosini anglatishini aytdi.
Baran so‘zlariga ko‘ra, Turkiya va Efiopiya siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarni qamrab olgan strategik munosabatlarga ega.
Turkiyada yashovchi mustaqil tadqiqotchi Emir Yasin Kekech Anado’lu agentligiga bergan intervyusida: “Noaniq global tartib sharoitida Turkiya va Efiopiya uchinchi tomon vositachiligisiz izchil va ochiq munosabatlar o‘rnatdi. Bu saqlanishi va mustahkamlanishi kerak”, dedi.
Addis-Ababadagi tahlil markazi rahbari Ibrohim Mulusheva esa ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro siyosiy tushunishga asoslanganini bildirdi. Uning aytishicha, Turkiya Efiopiyaning Nil masalasi va dengizga chiqish bo‘yicha pozitsiyasini tushunadi. Bu o‘xshash tarixiy va geografik tajribadan kelib chiqadi.
Mulusheva Turkiyaning Efiopiya-Somali mojarosida vositachilik qilganini va bu masala tarixiy Anqara deklaratsiyasi bilan hal etilganini ham eslatdi.
Akademiklar ta’kidlashicha, ikki davlat o‘rtasidagi sheriklik nafaqat rasmiy diplomatiya, balki xalqlar o‘rtasidagi aloqalar orqali ham.
Emir Yasin Kekech: “Ko‘pincha e’tibor siyosiy diplomatiyaga qaratiladi. Asl ko‘prik esa xalqlar o‘rtasidagi munosabatlardir”, dedi.
Addis-Ababa universiteti o‘qituvchisi, Anqara universiteti doktori Abdulaziz Dino esa madaniy diplomatiyaning ahamiyatini urg‘uladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, turk seriallari, Turkiyada ta’lim olgan talabalar va madaniy o‘xshashliklar Efiopiyada Turkiyaning ijobiy qiyofasini shakllantirgan.
Mutaxassislar fikricha, Erdo‘g‘anning tashrifi 100 yillik ramziy ma’noni aks ettirish bilan birga, tarixiy yaqinlik, diplomatik muloqot va uzoq yillik ijtimoiy aloqalarga tayangan hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan.