Tehron AQSh iddaolarini rad etdi
Tehron AQShning Erondagi voqealarda halok bo‘lganlar soni haqidagi iddaolarini rad etdi.
Eron Tashqi Ishlar vaziri Abbos Aroqchi shanba kuni (21.02.2026) bergan bayonotida, Erondagi norozilik namoyishlari chog‘ida tinch aholidan 32 ming kishi halok bo‘lgani haqidagi AQSh iddaolarini rad etdi. Aroqchi Tehron rasmiy raqamlarni allaqachon e’lon qilganini ifoda etib, yuqori ko‘rsatkichlarni tasdiqlovchi dalillar taqdim etilishini talab qildi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp juma kuni (20.02.2026), “Bilasizmi, Eron xalqi Eron rahbarlaridan farqlidir va bu juda, juda, juda achinarli holat”, - degan holda, u yerda “nisbatan qisqa vaqt ichida” 32 ming kishi o‘ldirilganiga e’tibor qaratdi.
Aroqchi X tarmog‘i orqali bergan bayonotida, Tehron so‘nggi terror amaliyotlarining 3 ming 117 nafar qurboni, jumladan qariyb 200 nafar xavfsizlik xodimini o‘z ichiga olgan rasmiy ro‘yxatni e’lon qilib; to‘liq shaffoflik va’dasini bajarganini qayd etdi. Shuningdek, u: “Agar ma’lumotlarimizning to‘g‘riligiga e’tiroz bildirayotganlar bo‘lsa, iltimos, qo‘lidagi dalillarni taqdim etsin”, - degan ifodalarga o‘rin berdi.
Juma kuni erta tongda Tramp qo‘shimcha tafsilot bermagan holda, Eronni kelishuvga majbur qilish uchun cheklangan harbiy zarbani “ko‘rib chiqayotganini” bildirgan edi.
So‘nggi hibsga olishlar to‘lqini, Eronda iqtisodiy qiyinchiliklar sabab tinch boshlangan ammo keyinchalik zo‘ravonlikka aylangan va rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra 3 ming nafardan ortiq insonning umriga zomin bo‘lgan norozilik namoyishlaridan bir necha hafta o‘tib qayd etildi. Eron rasmiylari AQSh va Isroilni “qo‘zg‘olon” va “terrorizm” deb atagan voqealarni qo‘llab - quvvatlashda aybladi.
Eron va AQSh yadroviy muzokaralarni shu oy boshida Ummon poytaxti Maskatda qayta boshlagan, so‘ngra seshanba kuni (17.02.2026) Ummon o‘rtamchiligida Jenevada yana bir bosqich muzokara o‘tkazilgan edi. Yangilangan diplomatik faollik Fors ko‘rfazidagi yirik AQSh harbiy kuch to‘plami hamda Eronning harbiy mashg‘ulotlari bilan kuchaygan yuqori mintaqaviy keskinlik sharoitida kechmoqda.
Payshanba kuni (19.02.2026) Vashington shahrida Tinchlik kengashining ochilish yig‘ilishida nutq so‘zlagan Tramp, agar muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlansa, AQSh “10 – 15 kun ichida” Eronga qarshi harbiy harakat boshlashi mumkinligi haqida ogohlantirdi.