TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Erdo'g'an: Bolalar urush va zulmning badalini to‘lamasligi kerak
Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo'g'an Anqarada o'tkazilgan TRTning 48-Xalqaro 23 aprel Bolalar festivali gala dasturida ma'ruza qildi.
Erdo'g'an: Bolalar urush va zulmning badalini to‘lamasligi kerak
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo'g'an 2026-yil 23-aprel kuni Anqarada Milliy suverenitet va bolalar kuni munosabati bilan bolalar bilan uchrashmoqda. / AA

Erdo‘g‘an: Bolalar urush va zulm badalini to‘lamasligi kerak

Turkiya Prezidenti Rajap Tayyip Erdo'g'an bolalar hech qachon urush, mojaro va qashshoqlik yukini yelkasiga olmasligi lozimligini, tinchlik hamda xavfsizlikda yashash ularning eng tabiiy huquqi ekanini ta’kidladi.

Payshanba kuni Anqarada o‘tkazilgan TRT 48-Xalqaro 23-aprel Bolalar festivali tantanali tadbirida so‘zga chiqqan Erdo‘g‘an, mintaqadagi urush va zulmdan eng ko‘p aziyat chekayotganlar aynan beg‘ubor bolalar ekanini afsus bilan qayd etdi.

"Urush, mojaro, qahatchilik va qashshoqlikdan xoli bo‘lgan dunyoda yashash — sizning eng tabiiy huquqingizdir", — dedi Turkiya rahbari tadbirga yig‘ilgan bolalarga qarata.

Prezident barcha diplomatik sa’y-harakatlarga qaramay, mintaqada zo‘ravonlik va nohaqlik hamon davom etayotganidan ogohlantirdi: "Afsuski, barcha urinishlarimizga qaramay, mintaqamizda urushlar va zulm to‘xtamayapti. Bu to‘qnashuvlarning eng og‘ir badalini esa odatda beg‘ubor bolalar to‘lamoqda".

Bolalar qo‘rqmasdan voyaga yetadigan kelajak

Erdo‘g‘anning ta’kidlashicha, Turkiya mojarolarga chek qo‘yish va bolalarni beqarorlik hamda zo‘ravonlik qurboni bo‘lishdan himoya qilish yo‘lida tizimli ish olib bormoqda. "Bizning yagona maqsadimiz — butun dunyo bolalari tinchlik, xavfsizlik va birodarlik muhitida ulg‘ayishini ta’minlashdir", — dedi u.

Prezident Turkiya uchun eng ustuvor vazifa — bolalar qo‘rquvdan xoli bo‘lgan, qadr-qimmat va ertangi kunga umid bilan voyaga yetadigan kelajakni barpo etish ekanini aytdi.

Ushbu bayonot 23-aprel — Milliy suverenitet va bolalar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanalar doirasida yangradi. Ma’lumki, bu sana Turkiyada kelajak avlodga bag‘ishlangan eng ramziy va muhim milliy bayramlardan biri hisoblanadi.