Shveytsariyaning mahalliy rasmiylari Yangi yil kechasida sodir bo‘lgan va 40 kishining umriga, o‘nlab insonning sog‘ligiga zomin bo‘lgan bar yong‘inida so‘nggi besh yil davomida yong‘in xavfsizligi tekshiruvlari o‘tkazilmaganini tan oldi.
Krans - Montana shahri meri Nikolas Fero Alp tog‘ - chang‘i markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida, Le Constellation baridagi fojiadan besh kun o‘tib shunday dedi:
“2020 – 2025 yillar oralig‘ida muntazam tekshiruvlar o‘tkazilmagan. Bundan chuqur afsusdamiz”.
Rasmiylarning fikricha, yong‘in shampan shishalaridagi mushaklar shift qoplamasidagi ko‘pikni yong‘inga aylantirgan bo‘lishi mumkin.
Matbuot anjumanida Krans - Montana munitsipaliteti, yong‘in ortidan Valle (Wallis) kantoni prokuraturasiga taqdim etilgan hujjatlarning barchasi ko‘rib chiqilganini bildirdi.
Rasmiylarning ta’kidlashicha, hujjatlar “muassasaning amaldagi me’yoriy talablarga muvofiqligiga oid ma’muriy jarayonlarni” batafsil aks ettiradi.
Shahar meri, mavzu haqida shuningdek:
“Faqat 2025 - yilning o‘zida munitsipalitet tomonidan 1 400 dan ortiq yong‘in xavfsizligi tekshiruvlari o‘tkazilgan bo‘lishiga qaramay, shahar kengashi mazkur muassasa 2020 –2025 yillar oralig‘ida muntazam nazoratdan o‘tkazilmaganini aniqlagani sababli chuqur afsusda”, -degan ifodalarga o‘rin berdi.
Shahar kengashi barcha jamoatga ochiq muassasalarni tekshirish uchun mustaqil tashqi mutaxassis tashkilot jalb etilishi hamda yopiq joylarda mushak va boshqa pirotexnika vositalaridan foydalanish taqiqlanishini ma’lum qildi.
“Krans - Montana munitsipaliteti bu fojia qurbonlari, ularning oilalari va yaqinlarini qo‘llab - quvvatlash borasida qarorlidir; ular har doim yodimizda”, - degan Nikolas Fero:
“Bunday fojiya boshqa hech qachon takrorlanmasligi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilishda davom etamiz”, - deya yaqinlarini yupatishga harakat qildi.
Valle (Wallis) politsiyasi dushanba kuni bergan bayonotida yong‘inda jarohatlangan 116 nafar shaxsning barchasi aniqlangani, ulardan 83 nafari shifoxonada davolanayotganini bildirdi. Politsiya, shuningdek, halok bo‘lganlarning o‘rtacha yoshi 19 ekanini qayd etdi.












