Hafta boshida Filippinning janubiy hududlariga zarba bergan kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 61 nafarga yetdi. Qidiruv-qutqaruv guruhlari Mindanaoning eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlarida ishlarini davom ettirmoqda.
Filippin Fuqarolik mudofaasi boshqarmasi shanba kuni bergan bayonotida, tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan hududlarda yangi jasadlar topilgani sababli qurbonlar soni oshganini ma’lum qildi.
GMA News telekanali xabariga ko‘ra, 33 nafar kishidan hanuzgacha darak yo‘q, 1 ming 221 kishi esa tan jarohati olgan.
Rasmiylarning bildirishicha, favqulodda vaziyat xizmatlari ko‘chkilar va qulab tushgan binolar ostida qolganlarni qutqarish hamda halok bo‘lganlarning jasadlarini topish uchun qidiruv-qutqaruv va evakuatsiya ishlarini davom ettirmoqda.
Tabiiy ofatlarga qarshi kurash operatsiyalarini kuzatish va axborot markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Mindanao mintaqasida 553 ming 68 kishi zilziladan zarar ko‘rgan.
Philippine Daily Inquirer gazetasi xabar berishicha, taxminan 9 ming 393 kishi evakuatsiya markazlarida joylashtirilgan, 54 ming 274 kishi esa qarindoshlari va do‘stlari yonida vaqtinchalik boshpana topgan.
Keng ko‘lamli vayronagarchilik
Dastlabki zarar baholash natijalariga ko‘ra, 8 ming 865 ta uy butunlay vayron bo‘lgan, 36 ming 691 ta uy esa qisman zarar ko‘rgan.
Ketinma-ketin yuz berayotgan yer silkinishlari, shikastlangan binolarning xavfi va zarar ko‘rgan yo‘llar qutqaruv ishlariga to‘sqinlik qilmoqda hamda yordam guruhlarining ayrim hududlarga yetib borishini qiyinlashtirmoqda.
Hafta boshida Mindanao sohili yaqinida sodir bo‘lgan 7,8 magnitudali zilzila keng ko‘lamli vahimaga sabab bo‘lib, uylar, maktablar, shifoxonalar va jamoat infratuzilmasiga katta zarar yetkazdi.
Eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlar orasida General Santos shahri va Sarangani viloyatining ayrim qismlari bor.
Rasmiylar yordam va qayta qurish ishlarini jadallashtirish maqsadida ushbu hududlarda favqulodda ofat holatini e’lon qildi.










