DUNYO
1 daqiqa o'qish
Kongoda Ebola epidemiyasidan vafot etganlar soni 3 ming 982 nafarga yetdi
Epidemiyada o‘lim ko‘rsatkichi 48,4 foizni tashkil etdi.
Kongoda Ebola epidemiyasidan vafot etganlar soni 3 ming 982 nafarga yetdi
Kongo Demokratik Respublikasida Eboladan vafot etganlar soni 3 ming 982 nafarga yetdi

YAUNDE (AA) — Kongo Demokratik Respublikasida (KDR) davom etayotgan Ebola epidemiyasida vafot etganlar soni 3 ming 982 nafarga, tasdiqlangan kasallanish holatlari esa 8 ming 224 taga yetdi.

KDR Sog‘liqni saqlash vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, epidemiyada 2 ming 121 kishi sog‘aygan, o‘lim ko‘rsatkichi 48,4 foizni tashkil etgan.

Epidemiya tarqalgan 7 viloyatdagi 63 hududda bemorlarni davolash, virus tarqalishining oldini olish va tibbiy guruhlar salohiyatini oshirish ishlari davom etmoqda.

Ebola Afrikada minglab insonlarning o‘limiga sabab bo‘ldi

Gemorragik isitmaning bir turini keltirib chiqaradigan Ebola virusi ilk bor 1976-yilda Sudanning Nzara va KDRning Yambuku shaharlarida bir vaqtda yuz bergan epidemiyalarda aniqlangan edi.

KDRdagi epidemiya Ebola daryosi yaqinidagi qishloqda boshlangani uchun kasallikka ushbu daryoning nomi berilgan.

Ebola virusi 2013-yil dekabr oyida G‘arbiy Afrikada tarqalgan edi. Gvineya, Liberiya va Syerra-Leoneda 2014–2017-yillarda kuzatilgan epidemiyada 30 ming kishi virusni yuqtirgan va bemorlarning 11 mingdan ortig‘i vafot etgan.

KDR sharqidagi Ituri viloyatida 246 ta shubhali kasallanish holati va 65 ta o‘lim qayd etilgach, 15-may kuni epidemiya e’lon qilingan edi.

Sog‘liqni saqlash mutasaddilariga ko‘ra, may oyida tarqalgan Ebolaning “Bundibugyo” variantiga qarshi tasdiqlangan davolash usuli yoki vaksina mavjud emas.