Karni juma kuni Janubiy Koreyada o‘tkazilgan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorlik (APEC) sammitidagi ish tadbirida so‘zlar ekan, shunday dedi:
“Qoidalarga asoslangan, barqaror tarzda kengayib borayotgan erkin savdo va investitsiya dunyosi — xalqimiz farovonligining, jumladan Kanadaning ham farovonligining asosi bo‘lgan eski tartib — endi yo‘q.”
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi global iqtisodiyot 1989 yilda Berlin devori qulaganidan beri eng katta siljish davrini boshdan kechirmoqda.
Karni sammit davomida Xitoy Davlat rahbari Si Szinpin bilan uchrashishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Bu uchrashuv — Kanada va Xitoy o‘rtasidagi 2017 yildan beri ilk rasmiy muloqot bo‘lib, Xitoy davlat OAVlari uni ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarda muhim burilish nuqtasi sifatida baholadi.
Karni Kanada keyingi o‘n yil ichida AQShdan tashqari eksport hajmini ikki baravar oshirishni maqsad qilganini bildirdi.
Savdo siyosatida o‘zgarishlar va raqobat bosimi
Uchrashuvdan avval, iyul oyida Karni Xitoyda eritilib quyilgan po‘latni o‘z ichiga olgan mahsulotlarga 25 foizlik qo‘shimcha boj tarifi joriy etganini e’lon qildi.
Pekin esa bir oy o‘tib, Kanadadan olib kirilayotgan kanola mahsulotlariga 75,8 foizlik vaqtinchalik boj joriy qildi.
Si Szinpin esa xalqaro maydondagi o‘zgarishlar tezlashayotganini aytib, jahon siyosiy-iqtisodiy muhitini “oqimda va beqaror” deb atadi.
U APEC sammitida shunday dedi:
“Biz haqiqiy ko‘p tomonlamachilikni amalda qo‘llashimiz va Jahon savdo tashkiloti (JST) markazida bo‘lgan ko‘p tomonlama savdo tizimining obro‘si hamda samaradorligini mustahkamlashimiz kerak.”
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilingan stenogrammaga ko‘ra, Si besh asosiy taklifni ilgari surdi:
ochiq mintaqaviy iqtisodiyotni barpo etish,ta’minot zanjirlarini barqarorlashtirish,savdoda raqamli va “yashil” o‘zgarishlarni rag‘batlantirish,inklyuziv rivojlanishni ta’minlash,va xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirish.
Shuningdek, Si Xitoyning bozorlarini yanada ochiq qilishga sodiqligini yana bir bor tasdiqlab, mamlakati besh yil ketma-ket dunyodagi eng yirik tovar savdo davlati bo‘lib qolayotganini eslatdi.
Aloqalarni jonlantirish yo‘lida
Kanada bilan Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar hozircha G‘arb davlatlari orasida eng sovuq bo‘lganlardan biri sifatida baholanmoqda.
Biroq har ikki mamlakat ham Donald Tramp ma’muriyatining tarif siyosatidan zarar ko‘rgan.
Garchi Si va AQSh rahbari o‘tgan payshanba kuni keskinlikni yumshatish borasida kelishib olgan bo‘lsalar-da, Ottava va Pekin o‘rtasidagi ziddiyatlar hanuz davom etmoqda.
Munosabatlar 2018 yilda Kanadada Xitoylik telekommunikatsiya kompaniyasi rahbarining Qo‘shma Shtatlar talabi bilan hibsga olinishi, va bunga javoban Xitoyning ikki kanadalikni josuslikda ayblab hibsga olishi bilan keskin yomonlashgan edi.











