IQTISODIYOT
2 daqiqa o'qish
Yevropadagi qush grippi turk tuxumlariga bo‘lgan talabni oshirdi
Yevropaning eng yirik tuxum ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lgan Polshada qush grippi sabab yuzaga kelgan ishlab chiqarish yo‘qotishlari mintaqadagi taklifni qisqartirdi va Turkiyaning tuxum eksportini jadallashtirdi.
Yevropadagi qush grippi turk tuxumlariga bo‘lgan talabni oshirdi
Parranda grippi Yevropaning tuxumga bo'lgan talabini Turkiyaga ko'chirdi

Egey Eksportchilar uyushmalari ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiya joriy yilning yanvar–may oylarida 92 ming 494 tonna tuxum eksport qilib, 240 million 79 ming dollar daromad oldi.

Soha uchun eng yirik bozor 47 million 577 ming dollarlik eksport bilan Iroq bo‘ldi. Yilning dastlabki besh oyida eng e’tiborga molik o‘sish esa Yevropa bozorida kuzatildi.

O‘tgan yilning yanvar–may oylarida Italiyaga 2 million 204 ming dollarlik tuxum eksport qilingan bo‘lsa, bu yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 24 million 773 ming dollarga yetdi. Italiyaga yuborilgan tuxum hajmi 1,2 ming tonnadan 13,2 ming tonnaga ko‘tarildi. Natijada eksport qiymat jihatidan 1024 foizga, hajm jihatidan esa 1000 foizga oshdi.

Yevropaning tuxum markazi Turkiyaga yuzlandi

Yevropaning yetakchi tuxum ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lgan Polshada qush grippi tufayli yuzaga kelgan ishlab chiqarish yo‘qotishlari mamlakatning import hajmini oshirdi.

O‘tgan yilning dastlabki besh oyida Turkiyadan atigi 109 ming dollarlik tuxum xarid qilgan Polshaning importi bu yilning shu davrida 19 million 681 ming dollarga yetdi. Mamlakatga yuborilgan tuxum hajmi 15 tonnadan 11 ming tonnagacha ko‘tarildi.

Izmir Tuxum Ishlab Chiqaruvchilari Uyushmasi raisi Neriman Dere Chatmadashning ta’kidlashicha, Turkiyada yiliga qariyb 20 milliard dona tuxum ishlab chiqariladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya tuxum ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoning ilk o‘nta davlati qatoriga kiradi va ishlab chiqarilgan mahsulotning qariyb 25 foizi eksport qilinadi. Shuningdek, mamlakatda yetishtirilayotgan tuxumlarning sifati yuqori ekanligi qayd etildi.

Chatmadash turk ishlab chiqaruvchilari keyingi yillarda yem tayyorlash va ishlab chiqarish sohasida katta tajriba orttirganini, xomashyo sifati hamda parranda salomatligi bo‘yicha sezilarli yutuqlarga erishilganini ta’kidladi.

Turkiya tuxum ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda 9-o‘rinda, Yevropada esa 2-o‘rinda turadi.