Turkiya Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Ibrahim Yumakli rasmiy tashrif bilan Shimoliy Kipr Turk Respublikasiga (ShKTR) borib, Qishloq xo‘jaligi va tabiiy resurslar vaziri Huseyin Chavush bilan birgalikda Davlat Su ishlari (DSİ) Bosh boshqarmasi tomonidan qurilishi davom etayotgan "Markaziy Mesariya tekisligini sug‘orish uchun asosiy uzatish liniyasi – 2-bosqich qurilishi" loyihasini ko‘zdan kechirdi.
Bu yerda suv ta’minoti va qishloq xo‘jaligini sug‘orish loyihalari haqida jurnalistlarga bayonot bergan vazir Yumakli, Prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘an rahbarligida ShKTR uchun ishlab chiqilgan suv xavfsizligi konsepsiyasiga e’tibor qaratib mavzu haqida: "ShKTRning suv xavfsizligi mustahkam darajaga yetdi" — dedi.
Ibrahim Yumakli faqat bugungi ehtiyojlarni qondiradigan investitsiyalar bilan cheklanib qolmayotganliklari, balki kelajakdagi suv boshqaruvini ham bugundan rejalashtirayotganliklarini ta’kidlab, o’z so‘zini quyidagicha davom ettirdi:
"Biz nafaqat bugungi kun, balki ShKTRning kelgusi 50 yillik suv ehtiyojini qoplaydigan investitsiyalarni amalga oshirdik. Ushbu loyiha doirasida 870 kilometr uzatish quvuri, 49 ta suv ombori va nasos stansiyasi, 529 kilometr ichimlik suvi taqsimlash tarmog‘i hamda kuniga 200 ming kub metr quvvatga ega zamonaviy ichimlik suvini tozalash inshootini qurib, foydalanishga topshirdik".
Yumaklining ta’kidlashicha, Turkiya bilan ShKTR o‘rtasidagi munosabatlar faqat ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikdan iborat emas. Bu munosabatlar umumiy taqdir, qalblar birligi va mustahkam birodarlikning ifodasidir.
Ibrahim Yumakli ShKTRda eng avvalo Mesariya tekisligi qishloq xo‘jaligi yerlarini suv bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ham to‘xtalib o‘tdi. U 9 ming 720 gektar maydondagi Mesariya tekisligiga suv yetkazib beradigan, qiymati 5,5 milliard turk lirasi bo‘lgan Markaziy Mesariya tekisligi ikkinchi bosqich uzatish liniyasi loyihasi bo‘yicha qurilish ishlari davom etayotganini ma’lum qildi.




















