DUNYO
2 daqiqa o'qish
Putin: Rossiya Ukrainadagi urushda g‘alaba qozonmoqda
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiya Ukrainadagi urushda jang maydonida ustunlikka erishayotganini ta’kidlab, Ukraina rahbariyatini “terrorchilar” deb atadi.
Putin: Rossiya Ukrainadagi urushda g‘alaba qozonmoqda
Agar yangi turtki berilsa, Moskva Ukraina mojarosini hal qilish bo‘yicha "aniq" muzokaralarga tayyor, dedi Putin. / Reuters

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakat Ukrainadagi urushda g‘alaba qozonayotganini da'vo qilib, Ukraina rahbariyati bilan muzokara o‘tkazib bo‘lmasligini ma'lum qildi. Bir necha haftadan beri berilgan eng batafsil bayonotida Putin seshanba kuni ukrainaliklarning Rossiya hududiga qilgan hujumlari ma'lum darajada zarar yetkazganini, xususan, dronlar alohida muammo tug‘dirayotganini tan oldi.

Shunga qaramay, u jang maydonida Rossiya qo‘shinlari olg‘a siljiyotganini ta'kidlab, jurnalistlarga: "Dushman qulab tushishiga hech shubham yo‘q", dedi, biroq bu qachon yuz berishini aniqlashtirmadi. Shuningdek, u Rossiyada yangi harbiy safarbarlik e'lon qilinishi mumkinligi haqidagi mish-mishlarni "mutlaqo ahmoqona" deb atadi.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, avgust oyida rossiyalik harbiylar sharqiy Ukrainaning Donetsk viloyatida 270 kvadrat kilometr hududni egallagan va katta ukrainalik harbiylar guruhi qurshovga olingan. Rossiya Sloviansk va Kramatorsk shaharlari tomon hujumlarni davom ettirayotganini aytgan Prezident, Moskvaning Ukraina energetika infratuzilmasiga yirik zarbalar berishga tayyorgarlik ko‘rayotganini ham qo‘shimcha qildi.

Ukraina havo maydoni haqidagi ogohlantirish

Biroz oldin Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy aviakompaniyalar va yo‘lovchilarga murojaat qilib, urush davomida Rossiya havo maydoni "mutlaqo xavfsiz bo‘lmasligi" va Ukraina dronlari bilan to‘lib ketishidan ogohlantirgan edi. Kechki murojaatida u shunday degandi: "Rossiya havo maydonidan foydalanadigan har bir aviakompaniyani, sug‘urta kompaniyasini va Rossiya aeroportlaridan foydalanayotgan barchani ogohlantirmoqchimiz: bu osmon butunlay xavfsiz bo‘lmaydi”.

Zelenskiy Ukraina fuqaro aviatsiyasiga aslo tahdid solmasligi, biroq Rossiya osmonida dronlar ko‘payishini alohida ta'kidladi.

Vladimir Putin esa Zelenskiyning aviakompaniyalarga bergan bu ogohlantirishini — ya'ni Ukraina dronlari Rossiya havo maydonini amalda yopib qo‘yishini — "davlat terrorchiligi"ga tenglashtirib, agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa, Moskva bunga munosib javob qaytarishini bildirdi. Qirg‘izistondagi sammitdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida Putin "terrorchilar" bilan muzokara qilib bo‘lmasligini qat'iy ta'kidladi.

Shu bilan birga, u agar jarayonga yangi turtki berish imkoni bo‘lsa, Moskva Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha "aniq va konkret" muzokaralarga hamon ochiq ekanini qo‘shimcha qildi.