Qirg‘izistonda ishlab chiqilgan ilk milliy sun’iy yo‘ldosh orbitaga chiqarildi.
Qirg‘iziston Prezidenti matbuot markazi bayonotiga ko‘ra, ilk milliy sun’iy yo‘ldosh AQSHning Kaliforniya shtatidagi Vandenberg harbiy-havo bazasidan SpaceX kompaniyasining Falcon 9 raketasi yordamida orbitaga chiqarildi.
AQSHda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov sun’iy yo‘ldoshni uchirish marosimida qatnashib, ushbu tarixiy lahzaga guvoh bo‘ldi.
Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) bilan hamkorlik natijasida fazoga uchirilgan ilk milliy sun’iy yo‘ldosh Qirg‘iziston iqtisodiyoti va atrof-muhitni kuzatishda muhim rol o‘ynashi bildirildi.
Sun’iy yo‘ldosh qishloq xo‘jaligi yerlari va yaylovlar holatini, qurg‘oqchilik xavfini hamda ekinlar hosildorligini kuzatish uchun yuqori aniqlikdagi optik sensorlardan foydalanadi.
Shuningdek, sun’iy yo‘ldosh Qirg‘iziston uchun hayotiy ahamiyatga ega muzliklar, suv manbalari, daryolar va atrof-muhitdagi o‘zgarishlarni kuzatish hamda tabiiy ofatlar xavfini oldindan aniqlashga yordam beradi.
Sun’iy yo‘ldoshning barcha boshqaruvi va ma’lumotlar oqimi poytaxt Bishkekda tashkil etilgan Yerdagi boshqaruv markazidan amalga oshiriladi.






















