Turkiya Milliy Razvedka Tashkiloti (MRT) seshanba kuni “Arabistonlik Lourens” degan nom bilan tanilgan britaniyalik ofitser va razvedkachi Tho‘mas Eduard Lourensga oid arxiv razvedka hujjatini e’lon qildi.
MRTning rasmiy internet saytida joylashtirilgan hujjatda Lourensning harbiy forma kiygan fotosurati, uning Yaqin Sharqdagi harakatlari va faoliyati yuzasidan razvedka ma’lumotlari o‘rin olgan.
MRT ma’lumotiga ko‘ra Lourens Misr, Suriya va Iroqda turli taxalluslar ostida, turli qiyofalarda safar qilgan. Hujjatda Lourens Misrda soxta ism bilan yashagach, Suriya va Iroqqa o‘tgani, keyin Quddusga borgani va undan so‘ng Sudan poytaxti Xartum shahriga joylashgani iddao etilmoqda.
Shuningdek, hujjatda Quddusda bo‘lgan davrida Lourens ba’zan musulmon diniy muallimi, ba’zan esa yahudiy ravvini sifatida o‘zini tutgani, musulmon va yahudiy jamoalari bilan alohida - alohida uchrashuvlar o‘tkazgani aytiladi. Unda provokatsion mazmundagi xabarlar orqali mahalliy aholini ta’sir ostiga olishga uringani ilgari suriladi.
Arxiv matnida, shuningdek, O‘smonli davri razvedka mansabdorlarining Misr, Falastin va Sudandagi Britaniya siyosatiga doir baholari ham o‘rin olgan bo‘lib, mintaqada beqarorlik keltirib chiqarish va siyosiy jarayonlarga ta’sir ko‘rsatishga qaratilgan urinishlar borligi qayd etiladi.
1929 - yilning 23 - sentabri kuni rasmiylashtirilgan ushbu hujjat MRT saytining “Maxsus to‘plam” bo‘limidagi “Hujjatlar” qismiga joylashtirildi.
MRT mazkur hujjatning e’lon qilinishi tarixiy razvedka materiallarini muassasaning raqamli arxivlari orqali jamoatchilikka ochiq taqdim etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning bir qismi ekanini bildirdi.



























