Hormuz bo‘g‘ozida xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar kuchaymoqda. Kema harakatini kuzatuvchi «Kpler» agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, yakshanba kuni bo‘g‘oz orqali o‘tgan kemalar soni so‘nggi besh haftadagi eng past ko‘rsatkichga tushdi — atigi oltita kema.
Hududdagi vaziyat keskinlashgani sababli, ko‘plab kemalar xavfsizlik maqsadida o‘zlarining lokatsiya uzatgichlarini — transponderlarni o‘chirib qo‘yishga majbur bo‘lmoqda. Masalan, dam olish kunlari bo‘g‘oz orqali suyultirilgan gaz tashuvchi birorta ham tanker o‘tgani qayd etilmadi. Shuningdek, 10-iyuldan 12-iyulgacha bo‘lgan davrda Abu Dabi neft kompaniyasiga qarashli bor-yo‘g‘i bitta tanker Hindiston tomon yo‘l olgan.
Ayni damda bo‘g‘ozdan o‘tayotgan kemalar qatorida 2 million barrel Eron neftini tashiyotgan «Humanity» va 500 ming barrel Quvayt neft mahsulotini olib ketayotgan «Capetan Andreas» tankerlari bor.
Siyosiy vaziyatga to‘xtaladigan bo‘lsak, AQSh Markaziy qo‘mondonligi Eronga qarshi yangi zarbalar berilganini va o‘nlab obyektlar nishonga olinganini tasdiqladi. Prezident Donald Tramp esa Hormuz bo‘g‘ozi tijorat kemalari uchun ochiq qolayotganini ma’lum qildi. Biroq, Eron tomoni vaziyatni boshqacha talqin qilmoqda: mamlakat Inqilobiy Gvardiyasi o‘z dengiz kuchlari bo‘g‘ozda ikkita kemani to‘xtatganini da’vo qilmoqda. Eron avvalroq suv yo‘lini yopgani va qoidalarni buzgan kemaga zarba berilganini aytib o‘tgan edi.






















