Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putin bilan AQSh Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Vitkoff Ukrainadagi urushni to‘xtatish borasidagi yechimlarni muhokama qilish uchun Rossiyaning Sankt - Peterburg shahrida uchrashdi.
Uchrashuvning matbuot uchun ochiq qismida so‘zga chiqqan Vladimir Putin Donald Trampga Ukraina inqirozini hal etishga ko‘rsatayotgan e’tibori uchun minnatdorlik bildirdi. U Amerika yetakchisi ushbu masalaga, ayniqsa, insonparvarlik nuqtayi nazaridan katta ahamiyat berayotganini ta’kidladi.
Putin Rossiya AQSh bilan ikki tomonlama munosabatlarni, xususan, iqtisodiy hamkorlikni qayta tiklashdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Rossiya rahbari Erondagi voqealar yuzasidan AQSh tomoni fikrini bilishni istashini qayd etdi. Shuningdek, Rossiya Eron bilan o‘nlab yillardan buyon davom etib kelayotgan alohida munosabatlarga ega ekani va mojaroni hal etishga hissa qo‘shishga tayyorligini bildirdi.
Putin ushbu va boshqa xalqaro masalalar yechim talab qilayotganini qayd etib, Moskvaning ham ehtimoliy muzokaralar yuzasidan bildirmoqchi bo‘lgan fikrlari borligini ta’kidladi.
Vladimir Putin Rossiyaning AQShga dizel yoqilg‘isi yetkazib berish bo‘yicha qaroridan so‘ng jahon bozorlarida narxlar 5–6 foizga pasayganini ham ifoda etdi. Shuningdek, Rossiya AQShga katta miqdorda o‘g‘it yetkazib berishga tayyorligini bildirdi.
Vitkoff, Putinga Ukraina bo‘yicha yangi tinchlik takliflarini taqdim etdi
Stiv Vitkoff kecha Osloda Ukraina va Yevropa vakillari bilan o‘tkazilgan muzokaralar konstruktiv ruhda kechgani va ularda olg‘a siljishga erishilganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Ukrainada tinchlik o‘rnatish uchun zarur shart - sharoitlar shakllangan.
Vitkoff Ukrainadagi mojaroni hal etishga qaratilgan turli yondashuvlarni o‘z ichiga olgan hujjatlarni Putinga olib kelganiga e’tibor qaratgan holda mavzu haqida: «Ushbu hujjatlarni keyinroq ko‘rib chiqishingizni so‘rayman», - dedi.
AQSh vakili Vashington Rossiya, AQSh va Ukraina o‘rtasidagi uch tomonlama muzokaralar qayta boshlanishidan umidvor ekanini bildirdi. Shuningdek, u Putindan texnik ekspertlar mojaroni hal etish jarayonining tafsilotlarini muhokama qilishi mumkin bo‘lgan uchrashuvlarni qayta boshlash imkoniyatini ko‘rib chiqishni so‘radi.
























