G'AZODA URUSH
2 daqiqa o'qish
Isroil otashkesim kelishuvini har kuni buzishda davom etmoqda
Hujumlar asosan sharqda, Isroil nazoratidagi hududlarni nishonga olar ekan; so‘nggi haftalarda bu yerda bombardimonlar sezilarli darajada avj oldi.
Isroil otashkesim kelishuvini har kuni buzishda davom etmoqda
_
13 соат олдин

Isroil kuchlari chorshanba kuni (01.04.2026) Gʻazoning sharqiy qismini bombardimon qildi va 2025 - yilning 10 - oktabri kuni kuchga kirgan otashkesimni yana bir bor buzib, hududdagi turli binolarni vayron qildi.

Guvohlar va mahalliy manbalarning Anado‘lu axborot agentligiga (AA) bergan ma’lumotlariga ko‘ra hujumlar asosan sharqda, Isroil nazoratidagi hududlarni nishonga olgan va so‘nggi haftalarda bu yerda bombardimonlar sezilarli darajada avj olgan.

Kun davomida va oqshomgacha artilleriya o‘qlari va to‘qnashuvlar davom etdi; shu bilan birga «sariq chiziq» deb atalgan hudud yaqinida Isroil harbiy texnikalarining faol harakati kuzatildi.

«Sariq chiziq» - otashkesim kelishuvi doirasida Isroil kuchlari chekingan pozitsiyalar degan ma’noni anglatadi va to‘liq Isroil ishg‘oli ostidagi hududlarni, falastinliklarning qolishga ruxsat berilgan chegaradan ajratib turadi.

Isroil G‘azoning sharqiy hududlarining qariyb 53 foizini egallab turishda davom etmoqda.

Gʻazo janubidagi Xon Yunus shahrida Isroil kuchlari shaharning sharqiy qismida joylashgan binolar va inshootlarga qarshi uchta yiqim amaliyoti uyushtirdi.

Bombardimon shuningdek Xon Yunus sharqidagi Bani Suhayla, Shayx Naser va Tahliya hamda janubdagi Qizan Rashvan va Qizan an - Najjor hududlarini ham nishonga oldi. Guvohlarning aytishicha, Isroil kuchlari sharqiy hududlar ustiga yorituvchi raketalarni ham uchirgan.

Gʻazoning markaziy qismida esa Isroil artilleriyasi Burayj qochqinlar lageri hamda Dayr al - Balah sharqiy hududlarini nishonga oldi.

Gʻazoning shimolida, kun davomida sharqiy hududlar va mintaqaning shimoliy qismlarga qarshi artilleriya o‘qlari va to‘qnashuvlar davom etdi; Isroil kuchlari, shuningdek, Tuffoh mahallasining sharqida binolarni vayron qildi.

Bombardimon Zaytun, Shuja’iyya va Tuffoh mahallasining sharqiy qismlari, shuningdek, Jabaliyaning sharqiy hududlarini ham o‘z ichiga oldi.

Isroilning Harbiy - dengiz kuchlari ham G‘azo sohillari va uning shimoliy qismi bo‘ylab, o‘z uy - joyidan mahrum qilingan va ko‘chirilgan falastinliklar jon saqlayotgan chodirlarga qarshi o‘q uzdi.

Isroil otashkesim kelishuvini har kuni buzishda davom etmoqda; ushbu hujumlar oqibatida falastinlik yana 713 kishi halok bo‘ldi, 1 ming 940 kishi esa jarohatlandi.

Otashkesim ikki yil davom etgan va 72 ming nafardan ortiq insonning o‘limiga va 172 ming nafar insonning yaralanishiga yo‘l ochgan; shuningdek harbiy bo‘lmagan infratuzilmasining 90 foizida katta vayronagarchilik keltirib chiqargan hujumlarni to‘xtatishni maqsad qilgandi. Qayta tiklash xarajatlari taxminan 70 milliard dollar deb baholanmoqda.