Birlashgan Millatlar Tashkiloti ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilda avj olgan Isroil hujumlari, falastinliklarni, o‘z uy - joylarini tark etishga majbur qilgan tizimli bosim yuzaga keltirayotganini ma’lum qildi. Insonparvarlik yordam tashkiloti rasmiylari, bunday holatlar katta xavotirga yo‘l ochayotganini ma’lum qildi.
Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish idorasi OCHAga tayanib BMT Matbuot xizmati kotibi Stefan Dujarrik dushanba kuni uyushtirilgan matbuot anjumanida, hafta oxiri davomida G‘azoda turar joy hududlari havo hujumlari va bombardimonlar orqali nishonga olingani, G‘arbiy Sohilda esa Isroil kuchlari va ko‘chmanchilar tomonidan o‘limga yo‘l ochuvchi qurolli hujumla sodir etilganini ifoda etdi.
Dujarrik dushanba kuni ertalab ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohil janubida isroillik ko‘chmanchilar tomonidan ikkita avtomobil yoqib yuborilgan hodisaga ham to‘xtaldi. Uning aytishicha, qo‘shnilar yong‘inni o‘chirib, oilani qutqarishga muvaffaq bo‘lgan.
“Bunday hodisalar ko‘paymoqda va bu holat falastinliklarni o‘z uy - joylarini tark etishga majbur qiluvchi tizimli bosimni paydo qilmoqda”, - dedi u.
Dujarrik hujumlar o‘limlar, jarohatlar, moddiy ziyon va majburiy ko‘chishlarga olib kelayotgani, gumanitar ehtiyojlarni yanada kuchaytirayotganini ifoda etib; “bu qonunsiz hujumlarni sodir etganlar javobgarchilikka tortilishi kerak”, - dedi.
Ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilda hujumlar so‘nggi haftalarda kuchaydi. Devor va aholi punktlariga qarshilik ko‘rsatish komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, fevral oyi oxiridan buyon falastinlik sakkiz kishi isroillik kuchlar tomonidan o‘ldirilgan.
Taxminan 750 ming noqonuniy isroillik ko‘chmanchi ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohildagi yuzlab posyolkalarda yashaydi, ularning qariyb 250 ming nafari Sharqiy Quddusga joylashib olgan. Inson huquqlari tashkilotlari ko‘chmanchilar falastinliklarni majburan ko‘chirish maqsadida tez - tez hujumlar uyushtirayotganini bildiradi.
2023 - yilning oktabr oyida G‘azodagi urush boshlanganidan beri ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohil bo‘ylab zo‘ravonliklar avj oldi. Ular qatoriga qotilliklar, vayronagarchiliklar, majburiy ko‘chirishlar va posyolkalar kengaytirilishi kiradi.
Rasmiy falastin ma’lumotlariga ko‘ra o‘sha vaqtdan buyon Isroil hujumlari falastinlik kamida 1 ming 136 kishining o‘limiga, kamida 11 ming 700 kishining yaralanishiga va taxminan 22 ming kishining qo‘lga olinib hibsga olinishi bilan yakunlangan. Bu jarayonlar Isroil tomonidan hududni anneksiya qilib olinishi mumkinligi haqidagi xalqaro ogohlantirishlar paytida kuzatilmoqda.
Dujarrik, shuningdek, BMTning Isroil tomonidan gumanitar amaliyotlarimizga qo‘yilgan cheklovlar borasidagi xavotirini ham bildirdi.
Bu borada: “Bugun xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari faqatgina Isroilda emas, balki ishg‘ol ostidagi Falastin hududlarida ham faoliyat yuritish imkoniyatlarini bundan buyon ham cheklovchi yangi Isroil ro‘yxatdan o‘tkazish tizimiga qarshi Isroil Oliy Sudiga murojaat qilish niyatlarini tasdiqladilar”, - dedi.












