DUNYO
2 daqiqa o'qish
Sharif: Pokiston Saudiya Arabistonini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi
Pokiston Bosh vaziri, AQSH va Isroilning Eronga hujumlaridan so‘ng mintaqaviy keskinlik kuchaygan bir paytda, Jiddada Saudiya Valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bilan uchrashdi.
Sharif: Pokiston Saudiya Arabistonini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi
Yopiq uchrashuv davomida ikki yetakchi mintaqaviy o'zgarishlar yuzasidan chuqur fikr almashdi. Surat: X/@KSAmofaEN / Others
2 соат олдин

Rasmiy bayonotga ko‘ra, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif Jiddada Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon bilan o‘tkazilgan muloqotda o‘z mamlakatining Saudiya Arabistoni bilan "to‘liq birdamlikda" ekanini va uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Sharif AQSH va Isroilning 28-fevral kuni Eronga uyushtirgan hujumlaridan keyin kuchaygan taranglik fonida, Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon bilan telefon orqali gaplashganining ertasiga — payshanba kuni Saudiya Arabistoniga keldi. Pokiston Bosh vaziri so‘zchisi Musharraf Zaydiyning ma’lum qilishicha, ikki yetakchi mintaqaviy o‘zgarishlar yuzasidan "atroflicha fikr almashgan" hamda tinchlik va barqarorlik yo‘lida birgalikda harakat qilishga kelishib olganlar.

Sharif o‘z bayonotida: "Pokiston har doim Saudiya Arabistoni Podshohligi yonida qat’iy turadi va mintaqada umumiy tinchlik orzusini amalga oshirish uchun bor kuchini sarflaydi", — deb ta’kidladi.

Pokiston va Saudiya Arabistoni o‘tgan yilning sentyabr oyida o‘zaro mudofaa shartnomasini imzolagan edi. Unga ko‘ra, bir mamlakatga qilingan hujum har ikki davlatga qilingan hujum deb hisoblanadi.

Tehronning Isroildan tashqari Iordaniya, Iroq va Fors ko‘rfazi davlatlaridagi AQSH bilan bog‘liq bazalarni nishonga olishi bilan mintaqaviy keskinlik eng yuqori nuqtaga yetdi. AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyotlari natijasida, diniy rahnamo Xomanaiy bilan birga, jami 1300 ga yaqin kishi halok bo‘ldi.

Eron Prezidenti chorshanba kuni Sharif bilan o‘tkazilgan telefon muloqotida, AQSH, Isroil va Eron o‘rtasidagi davom etayotgan to‘qnashuvni tugatishning yagona yo‘li — o‘z mamlakatining "qonuniy huquqlari" tan olinishi va "kelgusidagi hujumlarga" qarshi mustahkam xalqaro kafolatlar berilishi ekanini aytgan edi.