Qirg‘iziston Prezidenti Sadır Japarov va Xitoy Davlat Raisi Si Szinpin ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni eng yuqori darajaga olib chiqadigan «Abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma»ni imzoladi.
Rasmiy tashrif bilan Qirg‘iziston poytaxti Bishkekka kelgan va 1 - sentabr kuni Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) sammitida ishtirok etadigan Xitoy Davlat Raisi Si Szinpin Intimak Ordo (Birlik saroyi) Prezident saroyida Qirg‘iziston Prezidenti Sadır Japarov tomonidan rasmiy marosim bilan kutib olindi.
Si Szinpin bilan delegatsiyalararo uchrashuvda so‘zga chiqqan Japarov Xitoy rahbarining tashrifi Qirg‘iziston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelayotganining ramziy ahamiyatini ta’kidladi.
Qirg‘iziston Xitoy bilan asrlar davomida shakllangan do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonch munosabatlarini mustahkamlashga alohida ahamiyat berishini ta’kidlagan Japarov: «Qisqa tarixiy davr ichida munosabatlarimiz yangi davrda keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga yetdi va bugungi kunda tarixdagi eng yuqori bosqichga ko‘tarildi. Ishonch bilan aytishim mumkinki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik rivojida yangi oltin davrga qadam qo‘ydik», — dedi.
Xitoy Davlat Raisi Si Szinpin esa Prezident Japarov bilan yana uchrashayotganidan va yetti yildan so‘ng Bishkekka kelganidan mamnunligini bildirib: «Yana Qirg‘izistondaman va mamlakatingizning erishgan muhim yutuqlari hamda Qirg‘iziston jamiyatining jadal rivojlanishiga shaxsan guvoh bo‘ldim. Yaxshi qo‘shni va keng qamrovli strategik sherik sifatida Xitoy sizning yutuqlaringizdan chin dildan xursand», — dedi.
Si Szinpin Japarov va butun Qirg‘iziston xalqini 31-avgust — Mustaqillik kuni munosabati bilan tabriklab, mamlakatga doimiy farovonlik, fuqarolarga esa baxt va osoyishtalik tilaklarini bildirdi. Ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy ishonch yuqori darajada ekanini ta’kidlagan Si Szinpin ushbu hamkorlik mintaqada tinchlik, barqarorlik va barqaror rivojlanishga muhim hissa qo‘shayotganini qayd etdi.



























