TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Erdo‘g‘an: Suriyaga gaz yetkazib berish mintaqaviy xavfsizlikka xizmat qiladi
Turkiya Prezidenti turkman gazini Ozarbayjon va Turkiya orqali eksport qilish masalasida hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.
Erdo‘g‘an: Suriyaga gaz yetkazib berish mintaqaviy xavfsizlikka xizmat qiladi
Prezident Erdogʻan 2026-yil 22-may kuni Turkiyaning Istanbul shahridagi Lutfi Kirdar kongress markazida oʻtkazilgan 2-Istanbul tabiiy resurslar sammitida nutq soʻzlamoqda. / Anadolu Agency

Turkiya va Ozarbayjon hamkorligi: Suriyaga gaz yetkazib berishdan COP31 sammitigacha

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an dushanba kuni bergan bayonotida, Turkiya va Ozarbayjonning qo‘shma tashabbusi bilan Suriyaga gaz yetkazib berishning boshlanishi ushbu mamlakat taraqqiyoti hamda mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlashga xizmat qilishini aytdi.

Boku energiya haftaligining ochilish marosimidagi nutqida Erdo‘g‘an shunday dedi:

“Turkiya va Ozarbayjonning qo‘shma tashabbusi natijasida Suriyaga boshlangan gaz yetkazib berish ushbu mamlakat taraqqiyoti va mintaqaviy xavfsizlikka shubhasiz ulkan hissa qo‘shadi”.

Prezident so‘nggi paytlarda mintaqada ro‘y berayotgan voqealar Ozarbayjon bilan energetika sohasida tashlangan qadamlarning ahamiyatini yana bir bor isbotlaganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat bir vaqtlar mintaqa uchun imkonsiz deb hisoblangan ko‘plab mega-loyihalarni muvaffaqiyatli hayotga tatbiq etib kelmoqda.

Turkiya rahbari Ozarbayjon bilan birgalikda va Gruziya ishtirokida yakuniga yetkazilgan Boku–Tbilisi–Jayhon, Boku–Tbilisi–Erzurum hamda Trans-Anadolu (TANAP) tabiiy gaz quvuri loyihalarini alohida tilga oldi.

Uning ta’kidlashicha, Anqara va Boku o‘rtasidagi hamkorlik Ozarbayjonning “Azeri–Chirag–Guneshli” hamda “Shoh Dengiz” loyihalaridagi sheriklik tufayli yanada chuqurlashgan. “Shafaq–Asiman” konidagi yangi hamkorlik esa ikki davlatning energetik aloqalari izchil davom etayotganidan dalolat beradi.

Erdo‘g‘an o‘tgan yili foydalanishga topshirilgan Ig‘dir–Naxchivon tabiiy gaz quvuri Ozarbayjonning Naxchivon eksklavi energiya ta’minoti xavfsizligini mustahkamlaganini eslatib o‘tdi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi elektr energiyasi aloqalarining strategik ahamiyatiga to‘xtalar ekan, Prezident Turkiya, Ozarbayjon, Gruziya va Bolgariya ishtirokida amalga oshirilayotgan Yashil elektr energiyasini uzatish va savdo loyihasi yanada kengroq mintaqaning energetik xavfsizligini ta’minlashini bildirdi.

Mintaqaviy energetika yo‘laklari haqida gapirganda, Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Turkmaniston gazining Ozarbayjon va Turkiya orqali eksport qilinishi hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi va katta imkoniyatlar yaratishini urg‘uladi. Shuningdek, u Boku–Tbilisi–Jayhon quvuridan Qozog‘iston tabiiy resurslarini G‘arb bozorlariga yetkazishda ham tobora kengroq foydalanilayotganini qayd etdi.

Prezident Turkiyaning energetika siyosati samaradorlik, atrof-muhitga hurmat hamda qayta tiklanuvchi va yashil energiya manbalarini rivojlantirish tamoyillariga asoslanishini ta’kidladi.

Erdo‘g‘an, shuningdek, joriy yilning 9–20-noyabr kunlari Antaliyada COP31 sammitiga mezbonlik qilish orqali Turkiya global iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashda yetakchi va namuna mamlakatlardan biri bo‘lish borasidagi qat’iyatini yana bir bor namoyish etishini bildirdi.