Isroil armiyasi G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga qaramay uyushtirgan hujumlarda falastinlik sakkiz kishi halok bo‘ldi va ulardan bir nafarining yosh bola ekani aniqlandi. Halok bo‘lganlardan tashqari olti kishi yaralandi.
Mahalliy manbalar va tibbiyot xodimlarining ma’lumotlariga ko‘ra Isroil armiyasi Xon Yunus va G‘azo shaharlariga qarshi havo hujumlari uyushtirgan.
Xon Yunusdagi mahalliy manbalar Isroil armiyasi shaharning g‘arbiy qismidagi al - Mavasi hududida joylashgan maktab yoniga zarba bergani, oqibatda falastinlik besh kishi halok bo‘lganini bildirdi.
G‘azo shahridagi Shifo kasalxonasi tibbiyot xodimining ma’lum qilishicha shaharning g‘arbiy qismidagi as - Savra ko‘chasiga qarshi uyushtirilgan hujumda falastinlik uch kishi halok bo‘lgan, olti kishi esa yaralangan. Halok bo‘lganlardan bir nafarining yosh bola ekani aniqlangan.
G‘azo Ichki Ishlar vazirligi bayonotida Xon Yunusdagi hujumda halok bo‘lgan va yaralanganlar orasida xizmat vazifasini bajarayotgan politsiya xodimlari ham borligi qayd etildi.
Isroil armiyasi 2025 - yilning 10 - oktabrida G‘azo sektorida kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga qaramay falastinliklarga qarshi hujum uyushtirishlarni davom ettirmoqda.
G‘azo Sog‘liqni Saqlash vazirligining kechagi bayonotiga ko‘ra Isroil 10 - oktabrda sulh kuchga kirganidan buyon G‘azoga qarshi uyushtirgan hujumlarda 1 ming 580 kishi halok bo‘lgan, 5 711 kishi yaralangan.
Isroilning 2023 - yilning oktabr oyidan buyon G‘azo sektoriga qarshi uyushtirgan hujumlarida halok bo‘lganlar soni jami 74 ming 594 nafarga, yaralanganlar esa 175 834 nafarga yetdi.




















