TURKIYA
2 daqiqa o'qish
Turkiyaga kelgan Salah “Trabzonspor” muxlislariga: “Tez orada ko‘rishamiz”
Misrlik yulduzning transferi bilan Angliya Premyer-ligasi tarixidagi eng sermahsul futbolchilardan biri endi Turkiya chempionatida to‘p suradi.
Turkiyaga kelgan Salah “Trabzonspor” muxlislariga: “Tez orada ko‘rishamiz”
Mohamed Salah "Trabzonspor" bilan shartnoma imzolash uchun Turkiyaga yetib kelganida muxlislarga qo‘l silkitmoqda. 2026-yil 5-avgust / Reuters

“Trabzonspor” misrlik yulduz bilan transfer muzokaralari davom etayotganini tasdiqladi. Muhammad Salah esa “Trabzonspor” muxlislariga “Tez orada ko‘rishamiz”, degan murojaat yo‘lladi.

“Trabzonspor” ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida 34 yoshli hujumchining samolyotda 61-raqamli bordo-ko‘k rangli jamoa libosida aks etgan videosini e’lon qildi.

Trabzon shahrining avtomobil raqami kodi bo‘lgan “61” raqami shahar va klubning ramzi sifatida keng qo‘llaniladi.

Salah videomurojaatida:

“Trabzon, tayyormisiz? Ovozingizni eshityapman. Tez orada ko‘rishamiz. Biz uchun hamma joy Trabzon”, dedi.

“Biz uchun hamma joy Trabzon” iborasi “Trabzonspor” muxlislarining eng mashhur shiorlaridan biri hisoblanadi. Ushbu shior Qora dengiz klubi bilan uning shahar va butun Turkiyadagi muxlislari o‘rtasidagi mustahkam rishtalarni ifodalaydi.

Salahning Istanbulda “Trabzonspor” prezidenti Ertug‘rul Do‘g‘an bilan uchrashishi, keyin esa chorshanba kuni klub prezidenti bilan birga Trabzon shahriga borishi kutilmoqda.

Klub ehtimoliy shartnomaning muddati va moliyaviy shartlari kabi tafsilotlarni hozircha oshkor etmadi.

Salah Angliya Premyer-ligasi klubida to‘qqiz yil to‘p surgach, 2025–2026-yilgi mavsum yakunida “Liverpul”dan ketdi.

Misrlik futbolchi “Liverpul” safida 442 ta o‘yinda maydonga tushib, 257 ta gol urdi va 120 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Shu tariqa u Ian Rash va Rojer Hantdan keyin klubning barcha rasmiy musobaqalardagi uchinchi eng yaxshi to‘purariga aylandi.

Shuningdek, Salah “Liverpul”ning Premyer-liga tarixidagi eng ko‘p gol urgan va eng ko‘p golli uzatma bergan futbolchisi sifatida jamoani tark etdi.

Salah “Enfild”dagi faoliyati davomida ikki marta Premyer-liga chempionligi, UEFA Chempionlar ligasi, FIFA Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati, UEFA Superkubogi, Angliya kubogi va ikki marta Liga kubogini qo‘lga kiritdi. Shu tariqa u jami sakkizta yirik sovringa sazovor bo‘ldi.

Salah shaxsiy natijalari bo‘yicha Premyer-ligada to‘rt marta to‘purarlar poygasida g‘olib chiqdi. U uch marta Professional futbolchilar assotsiatsiyasi tomonidan “Yilning eng yaxshi futbolchisi” va uch marta Futbol jurnalistlari assotsiatsiyasi tomonidan “Yil futbolchisi” deb topildi.

Salah 2017-yilda “Roma”dan “Liverpul”ga o‘tishidan oldin “Bazel”, “Chelsi” va “Fiorentina” klublarida ham to‘p surgan.

“Trabzonspor” 1975–1976-yilgi mavsumda Istanbul jamoalaridan tashqari Turkiyaning birinchi ligasida chempion bo‘lgan ilk klub sifatida tarixga kirgan. Qora dengiz jamoasi oxirgi marta 2021–2022-yilgi mavsumda Turkiya Superligasi chempionligini qo‘lga kiritgan.