DUNYO
2 daqiqa o'qish
AQSh va Daniya Grenlandiya bo‘yicha muzokara o‘tkazadi
AQSh prezidenti Donald Trumpning Grenlandiya haqidagi bayonotlari keskin reaksiyalarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa Yevropa davlatlari bunday qadam NATOning yakuniga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
AQSh va Daniya Grenlandiya bo‘yicha muzokara o‘tkazadi
Grenlandiya bayrogʻi Kopengagen, Daniyada hilpiramoqda, 2026-yil 8-yanvar. / Reuters
12 январ 2026

Yakshanba kuni OAVda diplomatik manbalarga tayanib chiqqan xabarlarga ko‘ra, AQSh va Daniya rasmiylari bu hafta Grenlandiya masalasida muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Muzokaralar Vashingtonning strategik Shimoliy qutb mintaqasi ustidan nazoratni Daniyadan olishga qaratilgan sa’y-harakatlari doirasida bo‘lib o‘tadi.

AQShda joylashgan CBS News telekanaliga ko‘ra, uchrashuv chorshanba kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan. AQSh davlat kotibi Marko Rubio o‘tgan hafta AQSh Kongressida yopiq brifing chog‘ida prezident Tramp Daniya hududlarini sotib olishga qiziqish bildirganini aytgan edi.

Oq uy seshanba kuni rasmiylar Grenlandiyani qo‘lga kiritish uchun harbiy kuch ishlatishni ham o‘z ichiga olgan keng ko‘lamli variantlarni ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.

O‘tgan hafta daniyalik rasmiylar bilan uchrashgan AQSh senatori Tim Kaine yakshanba kuni qilgan bayonotida, har ikki partiya vakillari Grenlandiyani egallashga qaratilgan har qanday harbiy harakatga qarshi birlashishiga ishonishini bildirdi.

Demokrat senator Keyn Trampning avvalgi izohiga ishora qilib shunday dedi:
“Biz buni na majburan, na oson yo‘l bilan qilamiz. Ittifoqchimiz va suveren davlat bo‘lgan Daniya bilan ishlashni davom ettiramiz va ularni dushman yoki raqib sifatida ko‘rmaymiz.”

3-yanvar kuni AQSh kuchlari Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni olib chiqish bilan bog‘liq harbiy amaliyotdan so‘ng, Tramp ma’muriyati Grenlandiyani “egallab olish” masalasida yanada keskin ritorikani qo‘llay boshladi va buni milliy xavfsizlik zarurati bilan izohladi.

Grenlandiyadagi siyosiy partiyalar yetakchilari juma kuni AQShga qo‘shilish g‘oyasiga qarshi ekanini yana bir bor ta’kidlab, shunday dedi:
“Biz amerikalik bo‘lishni ham, daniyalik bo‘lishni ham istamaymiz. Biz grenlandiyalik bo‘lishni istaymiz.”

Tramp esa juma kungi bayonotida:
“Grenlandiya masalasida biror ish qilamiz, xohlashsa ham, xohlamasa ham. Agar biz buni qilmasak, Rossiya yoki Xitoy Grenlandiyani egallaydi. Biz esa Rossiya yoki Xitoyni qo‘shni sifatida xohlamaymiz”, — dedi.

Tramp harbiy variantni istisno etmadi:
“Men kelishuvni oson yo‘l bilan tuzishni istardim. Ammo oson bo‘lmasa, qiyin yo‘l bilan qilamiz”, — dedi u.

Trampning bu bayonotlari butun dunyoda keskin munosabatlarga sabab bo‘ldi. Xususan, Yevropa davlatlari bunday qadam NATO uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.