Qirg‘iziston mezbonligida «Kuchda birlik, ruhda birlik» shiori ostida o‘tkazilgan VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlari Issiqko‘l sohilidagi Cholpon - ota shahrida joylashgan Ko‘k - bo‘ru arenasi, «Gazprom» sport majmuasi, «Yevraziya» mehmonxonasi sport maydoni va Qirchin yaylovida 1 – 6 - sentabr kunlari bo‘lib o‘tdi.
Ot o‘yinlari, ot poygasi, milliy kurash, mangala, suyak uloqtirish, otda turib kamondan o‘q uzish, burgut va lochin bilan ov qilish, mas - restling kabi an’anaviy 42 ta sport turi bo‘yicha tashkil etilgan musobaqalarda dunyoning 109 ta mamlakatidan qariyb 3 ming nafar sportchi ishtirok etdi.
Rasmiy medallar jadvali natijalariga ko‘ra Qirg‘iziston 30 ta oltin, 29 ta kumush va 13 ta bronza jami 72 ta medalni qo‘lga kiritib, musobaqani birinchi o‘rinda yakunladi.
O‘yinlarda ikkinchi o‘rinni 29 ta oltin, 16 ta kumush va 19 ta bronza jami 64 ta medal bilan Qozog‘iston egalladi. Uchinchi o‘rin esa 7 ta oltin, 7 ta kumush va 20 ta bronza jami 34 ta medal qo‘lga kiritgan Rossiyaga nasib etdi.
O‘yinlarda jami 29 mamlakat sportchilari medal sohibi bo‘ldi.



















