Ukraina Iqtisodiyot va atrof - muhit vazirining o‘rinbosari Aleksandr Krasnolutskyi Rossiya - Ukraina urushi boshlanganidan buyon 311 million tonnadan ortiq karbonat angidrid ekvivalentidagi chiqindilar atmosferaga chiqarilganini ma’lum qildi.
Krasnolutskyi Antaliyada bo‘lib o‘tayotgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasi 31 - Tomonlar konferensiyasi (COP31) doirasida tashkil etilgan «Ukrainaning iqlimiy o‘tish jarayoni» panelida mamlakatning iqlim siyosati, yashil transformatsiya jarayonlari hamda urush oqibatida yuzaga kelgan vayronagarchiliklar haqida fikr bildirdi.
Rossiya - Ukraina urushining eng jiddiy oqibatlaridan biri chiqindilar miqdorining ortishi ekanini ta’kidlagan Krasnolutskyi: «To‘liq miqyosdagi bosqin boshlanganidan buyon 311 million tonnadan ortiq karbonat angidrid ekvivalentidagi chiqindilar yuzaga keldi», - dedi.
Ushbu chiqindilarning 37 foizi yoqilg‘i, o‘q - dorilar va sanoat ta’minot zanjirlarining izdan chiqishi bilan bog‘liq ekanini bildirgan Krasnolutskyi, qurg‘oqchilik tufayli kuchaygan yong‘inlar esa jami chiqindilarning 23 foizini tashkil etishini qayd etdi.
Krasnolutskyi Rossiya energetika, transport va qishloq xo‘jaligi infratuzilmasini tizimli ravishda vayron qilayotganini ta’kidlab: «Bu vayronagarchiliklar kelajakdagi qayta qurish jarayonida muqarrar ravishda qo‘shimcha chiqindilarni keltirib chiqaradi», - dedi.
Ukraina mojaro hududlarida zarur ma’lumotlarga ega bo‘lishda qiyinchiliklarga duch kelayotganini qayd etgan Krasnolutskyi, urush sharoitiga qaramay, mamlakat iqlim maqsadlariga sodiq qolayotganini bildirdi.
Krasnolutskyi 2024 - yilda «Davlat iqlim siyosatining asosiy tamoyillari to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingani va mamlakatda 2050 - yilgacha iqlim neytralligiga erishish maqsadi qonuniy jihatdan mustahkamlanganini ma’lum qildi.






















