Turkiya Respublikasi Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan rasmiy tashrif bilan bugun Suriyada bo‘lib qaytadi. Hakan Fidan ushbu tashrifi chog‘ida Suriya Tashqi Ishlar vaziri Asad Hasan Shayboniy bilan uchrashadi. Shuningdek, uning Suriya Prezidenti Ahmad Shara tomonidan qabul qilinishi kutilmoqda.
Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidanning Suriya tashrifidagi eng muhim kun tartibi masalalaridan biri xavfsizlik bo‘ladi. Terror tashkiloti YPG/SDGning tarqatib yuborilishi to‘g‘risidagi qaror va integratsiya jarayonidagi so‘nggi o‘zgarishlar muhokama qilinadi. Qabul qilingan qarorlarni o‘z vaqtida amalga oshirish muhimligi ta’kidlanadi.
Fidanning kun tartibidan Suriya janubidagi vaziyat ham o‘rin olgan. Isroilning Suriya xavfsizligi va barqarorligiga tobora ko‘proq tahdid solayotgan tajovuzkor hujumlariga e’tibor qaratiladi. Isroil hujumlariga qarshi xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan choralar muhokama qilinadi.
Uchrashuvlarda Suriyaning hududiy yaxlitligi, birligi va mustaqilligin saqlab qolish masalasi ham ko‘rib chiqiladi. Suriya turkmanlari hamda mamlakatdagi barcha etnik va ijtimoiy guruhlarning teng fuqarolik tamoyili asosida mamlakat kelajagiga hissa qo‘shishi muhimligi ta’kidlanadi.
Yana bir muhim mavzu savdo, energetika, transport va o‘zaro bog‘liqlik sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘ladi. Mintaqada savdo va transportni rivojlantirishga qaratilgan so‘nggi loyihalar ham muhokama qilinadi. Turkiyaning Suriyaning iqtisodiy tiklanishini jadallashtirish va mintaqaviy aloqalarini qayta tiklash borasidagi qo‘llab - quvvatlashini davom ettirishi ta’kidlanadi.
























