Isroil parlamentining Falastinlik mahbuslarga o'lim jazosini berish to'g'risidagi qarori "aslida Gitlerning yahudiylarga qarshi yuritgan siyosatidan hech qanday farq qilmaydi", deb ta’kidladi Turkiya Prezidenti Rejep Toyyib Erdo’g'on.
"Hozirgi qilinayotgan ishlar kamsitishdir, bu irqchilikdir. Bu 1994-yilda Janubiy Afrikada ag'darilgan aparteid tuzumidan ham yomonroq bir ko'rinishni Isroilda joriy etish demakdir", dedi Erdo’g'on juma kuni Osiyo Siyosiy Partiyalari Xalqaro Konferensiyasi (ICAPP) xotin-qizlar bo'limi yig'ilishida.
U faqat Falastinliklar uchun o'lim jazosini joriy etish "aparteid"ga teng kelishini va qonunni "irqchi fashizm quroli"ga aylantirishini qayd etdi. Isroil Knesseti (parlamenti) oy boshida Isroilliklarni o'ldirishda ayblangan Falastinlik mahbuslarga nisbatan o'lim jazosini qayta tiklash bo'yicha qonun loyihasini qabul qilgan edi.
O'ng qanotdagi Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir tomonidan qo'llab-quvvatlangan mazkur taklif etilgan qonun, davlatga zarar yetkazuvchi deb hisoblangan harakatlar uchun o'lim jazosini belgilaydi. Bu esa qonunning ko'lami va niyatiga doir xavotirlarni yanada kuchaytirdi.
Tahlilchilarning ta'kidlashicha, qonun "irqchi va bir yoqlama" bo'lib, uning matni amalda faqat Falastinliklarni nishonga oladi. Isroillik jinoyatchilarni, jumladan, noqonuniy ko'chib kelgan ko'chmanchilarni va askarlarni esa bu jazodan mustasno qiladi (tashqarida qoldiradi).
Isroilning huquqiy va harbiy tizimlari uzoq vaqtdan beri bosib olingan G'arbiy Sohil va G'azoda Falastinliklarga qarshi sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun noqonuniy ko'chmanchilar va askarlarni javobgarlikka tortishda muvaffaqiyatsizlikka uchrab kelmoqda.
Noqonuniy ko'chmanchilar tomonidan uyushtirilgan hujumlarga oid ishlar ko'pincha yuzaki tergovlar yoki keyinchalik bekor qilinadigan ayblovlar bilan yakunlanadi. Askarlar esa kamdan-kam hollarda tergov qilinadi, hatto 2022-yilda Falastinlik-amerikalik muxbir Shirin Abu Aqlehning o'ldirilishi kabi dunyo e’tiboridagi voqealarda ham javobgarlik masalasi hal etilmay qolmoqda.
Fuqarolik va harbiy huquqiy tizimlarning o'zaro chalkashib ketishi, noqonuniy turar-joylarni kengaytirishga bo'lgan siyosiy xayrixohlik bilan birgalikda, jazosizlik tizimini yuzaga keltirmoqda. Bu esa qonunning barchaga teng qo'llanilishi va xalqaro me’yorlarga rioya qilinishi borasidagi xavotirlarni oshirmoqda.












