DUNYO
4 daqiqa o'qish
AQShning Eron bilan urushi Xitoyda elektr yuk mashinalari savdosini oshirdi
Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari Amerikaning Eronga qarshi urushi tufayli yoqilg'i narxlarining ko'tarilishiga alternativa sifatida Xitoy elektr yuk mashinalarini import qilishga harakat qilmoqda.
AQShning Eron bilan urushi Xitoyda elektr yuk mashinalari savdosini oshirdi
Elektr yuk mashinalarini joriy etishdagi to‘siqlarga transport vositalarining xarid narxi yuqoriligi va quvvatlash infratuzilmasidagi kamchiliklar kiradi. / Reuters Archive

Qo‘shma Shtatlarning Eronga qarshi boshlagan urushi oqibatida yoqilg‘i narxining keskin qimmatlashuvi mintaqada transportni elektrlashtirish jarayonini jadallashtirdi. Buning natijasida Xitoyning boshqa Osiyo davlatlariga elektr yuk mashinalari eksporti va ichki bozordagi savdolar miqdori sezilarli darajada oshdi.

Xitoyning yengil avtomobillardan tortib og‘ir traktor-traylerlargacha bo‘lgan elektr yuk mashinalarini ommaviy ravishda o‘zlashtirishi dunyodagi eng yirik avtomobil bozorini inqiroz ta’siridan qisman saqlab qoldi. Endilikda boshqa mamlakatlar ham bu yo‘ldan tezkorlik bilan borishga majbur bo‘lmoqda.

Fevral oyining 28-kunida AQSh va Isroil boshlagan urushdan keyingi to‘rt oy ichida Xitoyning og‘ir elektr yuk mashinalari eksporti o‘tgan yilning mos davriga nisbatan ikki barobardan ziyodga oshib, 16 ming 823 donani tashkil etdi.

Mazkur transport vositalarining yarmi Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo bozorlariga yo‘naltirildi. Xususan, Janubiy Osiyoga eksport hajmi besh baravardan ko‘proqqa, Janubi-Sharqiy Osiyoga esa deyarli uch baravarga ko‘paydi.

Bozorlar Xitoy elektr yuk mashinalari uchun eshikni ochmoqda

Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari Yaqin Sharqdan keladigan neft ta’minotiga o‘ta qaram hisoblanadi. "GlobalPetrolPrices.com" ma'lumotiga ko‘ra, Eronning Hormuz bo‘g‘ozini yopishi dizel yoqilg‘i narxining misli ko‘rilmagan darajada sakrashiga sabab bo‘ldi. Bu esa dunyodagi eng yirik elektr yuk mashinasi ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Xitoy uchun ulkan imkoniyat eshiklarini ochdi.

Qayd etilishicha, urush boshlanganidan beri Shrilankada dizel narxi 48 foizga, Filippinda 57 foizga qimmatlashgan. Xitoyda esa hukumat ma'lumotlariga ko‘ra, yoqilg‘i narxi 15 foizga oshgan, xolos.

"Urush bu yangi bozorlar uchun chinakamiga eshik ochdi", — deydi dunyodagi eng yirik elektr og‘ir yuk mashinalari ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan "Sany" kompaniyasining xalqaro marketing bo‘yicha vitse-prezidenti Zhaoting Yue "Reuters" agentligiga bergan intervyusida.

Garchi bu eksport ko‘rsatkichlari Xitoyning umumiy avtomobil va mototsikl eksporti hamda millionlab yuk mashinalaridan iborat mintaqaviy parklar bilan solishtirganda hali kichik bo‘lsa-da, agar bu o‘sish sur'ati saqlanib qolsa, u dizel iste'moli va zararli uglerod chiqindilariga keskin ta'sir ko‘rsatishi shubhasiz.

Xitoyda elektr yuk mashinalari 2021-yilda deyarli noldan boshlangan bo‘lsa, o‘tgan yili mamlakatdagi umumiy yuk mashinalari savdosining 30 foizini tashkil etdi. Joriy yilning birinchi yarmining o‘zida 140 ming dona shunday transport vositasi sotildi. Natijada, Xitoyda dizel iste'moli o‘tgan yildan boshlab kamayishni boshladi.

Zhaoting Yuening so‘zlariga ko‘ra, "Sany" ilgari asosan Yevropa bozoriga e'tibor qaratgan bo‘lsa, hozirda Janubi-Sharqiy Osiyoga yuz burgan va arzonroq modellarni ishlab chiqish ustida ishlamoqda. Kompaniya iyunda o‘zining eng yirik yagona buyurtmasini — 880 ta og‘ir yuk mashinasini jo‘natgan, biroq shartnoma shartlariga ko‘ra uning qayerga yuborilgani sir saqlanmoqda.

"Yoqilg‘i narxi keskin o‘shgunga qadar xaridorlar elektr og‘ir yuk mashinasiga kiritgan investitsiyasini 28 oy davomida qoplar edi. Hozir esa bu muddat bor-yo‘g‘i 18 oyni tashkil etmoqda", — deydi Yue. Uning qo‘shimcha qilishicha, urush omili tufayli ushbu yuqori o‘sish sur'ati, ayniqsa Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasida, kamida kelgusi bir yil davomida saqlanib qoladi.

Yoqilg‘i narxining oshishi diqqatni jamlaydi

Qo‘shma Shtatlar va Yevropada elektr yetkazib berish furgonlari tobora ommalashib borayotgan bo‘lsa-da, yirik o‘lchamdagi elektr yuk mashinalarining joriy etilishi ancha sekin kechmoqda.

Masalan, "Tesla" bundan deyarli o‘n yil oldin elektr quvvatida ishlaydigan "Semi" yuk mashinasi orqali logistika bozorini o‘zgartirishni va'da qilgan edi, biroq kompaniya joriy yilga mo‘ljallangan ommaviy ishlab chiqarish rejasidan voz kechdi.

Energiya va Toza Havo Tadqiqot Markazi (CREA) hisob-kitoblariga ko‘ra, dizel o‘rniga elektr yuk mashinalaridan foydalanayotgan Xitoy joriy yilda 141 million barrel neftni tejashga erishadi. Bu ko‘rsatkich mamlakat umumiy neft iste'molyining 3 foizidan oshiqini tashkil etib, Kuvaytning barcha eksport hajmiga tengdir.

Xitoyning joriy yilning birinchi yarmidagi elektr yuk mashinalari eksportining o‘zi yillik hisobda 1.6 million barrel neftni tejash imkonini bermoqda.

Shu bilan birga, elektr yuk mashinalarini keng joriy etishda ayrim to‘siqlar ham saqlanib qolmoqda. Bular qatoriga transport vositalarining yuqori xarid qiymati va zaryadlash infratuzilmasidagi bo‘shliqlarni kiritish mumkin.

Avstraliyalik elektr yuk tashish kompaniyasi — "New Energy Transport" hamasoschisi Daniel Bleakleyning aytishicha, Avstraliyada bitta elektr yuk mashinasi taxminan 350 ming dollar turadi, bu an'anaviy dizel muqobilidan ikki barobar qimmat. Biroq, hatto urushdan oldin ham ekspluatatsiya xarajatlari dizelga nisbatan 70 foizgacha arzonroq bo‘lib, yoqilg‘i tejalishi evaziga qo‘shimcha xarajatlar tez fursatda o‘zini oqlagan.

Infratuzilma muammosini hal qilish uchun "Sany" mijozlarga nafaqat yuk mashinalari, balki elektr energiyasini ishlab chiqarish va saqlash tizimlarini hamda maxsus zaryadlash uskunalarini qo‘shib sotmoqda.

CREA hamasoschisi Lauri Myllyvirta ko‘plab bozorlarda Xitoyning elektr yo‘lovchi avtomobillari ommalashgani zaryadlash tarmoqlarini kengaytirishga hamda yuk mashinalarini qabul qilish jarayonini qo‘llab-quvvatlashga yaqindan yordam berayotganini ta'kidladi.

"Yuqori yoqilg‘i narxlari odamlarning diqqat-e'tiborini bir joyga jamlaydi va bizneslarni tezroq harakat qilishga majbur qiladi", — deya xulosa qildi ekspert.